YASHIL MAKON -YANGI IMKON

09.11.2024

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

Tabiatning go‘zalligi jonu tanning chiroyi kabi mohiyatlidir. Shuning uchun ham tabiatni tanaga, jamiyatni jonga qiyos qilinishi bejiz emas. Tabiatning gullab yashnashi kislorodning ko‘payishiga bog‘liq bo‘larkan, nihol ekish, ko‘chat o‘tqazishning ham bu borada hikmati katta.

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti jamoasi ham bu jarayonga o‘zini mas’ul deb biladi. Dastavval, "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida keyin esa Universitetimizning O‘rta Chirchiq tumanidagi O‘quv tajriba xo‘jaligida "Yashil makon" loyihasi bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlab yuborishdi.

Ma’lumki, aholining hayot sifatining uzviy bir qismi salomatlik, umr ko‘rish davomiyligi, atrof-muhit ekologik sharoitlarni, axloqiy-psixologik iqlim, ma’naviyatni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda aholi hayoti sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jumlasida mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi farmonida tatbiq etilishi belgilangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi dasturlarida atrof muhit obyektlarini (havo, suv, yer, tuproq, yer qa’ri, bioxilma-xillik, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar) inson ta’siri hamda boshqa salbiy ta’sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta’minlash hamda sanoat ishlab chiqarishi, urbanizatsiya ko‘lami keskin kengayishi va aholi punktlariga tushayotgan ekologik yukni kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirish rejalari ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.

Universitetimizning bir guruh professor o‘qituvchilari va talabalardan iborat jamoa birgalikda yerga ko‘chat qadash, suv quyish va yerni yumshatish bilan bog‘liq ishlarni ayricha zavq bilan amalga oshirayotganlaridan mamnun. "Yashil makon" loyihasi bugunimiz va ertamizga daxldor masala ekanini his etish yurt qismati, fuqarolik burchini teran idrok etishdir.

Universitet matbuot xizmati