Fikrlashni rivojlantirish san’ati

06.11.2024

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Joriy yilning 6-noyabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova va "Iqtisod" fakulteti tyutori  D.Egamovalar hamkorlikda "D" korpus 101 xonada "Iqtisod" fakulteti 1-kurs 102-guruh talabalari bilan "Fikr kuchi" va “O‘z guruhdoshingizni yaxshi bilasizmi?” mavzularida tadbir o‘tkazishdi. Yig‘ilish ishtirokchilariga M. K. Muhammedova: “Har qanday kishining hayotida tushkunlikka tushgan, hafsalasi pir bo‘lgan damlari bo‘lib turadi. Shunday kezlarda hayot go‘zalligidan bahra olish, voqeliklardan zavqlanish, quvonch hissini tuyish uchun inson o‘zini o‘zi anglashi, fikrlash mashqlari ustida ishlashi lozimligi haqida so‘zladi va quyidagi fikrlar bilan o‘z nutqini davom etdi: Hayotingizda ro‘y bergan, o‘zingiz salbiy deb bilgan biror voqeani eslang. So‘ng qog‘oz va ruchka oling-da, o‘sha “yomon” voqeaning sizga keltirgan uchta ijobiy tomonlarini yozing. Odatda, uchta natijada inson to‘xtab qolmaydi. Shu bois sabab va oqibat zanjirini tahlil qilishni boshlasangiz, agar o‘sha “yomon” hodisa bo‘lmaganida bugun erishgan g‘alabangiz ham bo‘lmasligini ich-ichingizdan his qilasiz. 

  Hayotingizdan mamnunlik hissini tuyganingizdan so‘ng, boshqa kishilarning hayotidagi ijobiy imkoniyat va mo‘jizalarni ham ko‘ra olasiz. 

  Shuning uchun tabiat yuborayotgan ogohlantirish va belgilarni o‘qishni o‘rganing. Atrofingizdagilar voqelikni yomonlab, salbiy muhokama qilganida, ularga ana shu voqeliklardan o‘zlari uchun ijobiy natijalar bergan tomonlarni ko‘rsatishga harakat qiling. 

  Ushbu urinishlar sizni ijobiy fikr yuritishga o‘rgatadi. Yomon o‘y-xayol qilishdan qaytaradi. Chiroyli fikrlagan, ijobiy xayol qilgan kishi hayot go‘zalliklarini ko‘ra oladi. Bunday mashqni ochiq havoda sayr qilayotgan chog‘ingizda yoki ishga ketayotganingizda bajarishingiz, voqeliklarni tahlil qilishingiz, ularni o‘zingiz uchun foydali tomonlarini topishingiz mumkin. Xulosa shuki, fikrlashni rivojlantirish mashqi sehrli kuchga ega bo‘lib, u orqali hayotingizni osoyishta va xotirjam kechishiga erishasiz”, deya seminarning amaliy qismini o‘tkazish yo‘l-yo‘riqlari haqida ishtirokchilarga ma’lumot berdi. Bundan tashqari seminar treningda guruhdagi ishtirokchilarning eng mehnatsevar, zukko va tashkilotchi talabalarini aniqlash maqsadida “O‘z guruhingizni bilasizmi?” deb nomlangan 2 bosqichli so‘rovnoma olindi va natijalari muhokama qilindi.

  Tadbir juda qizg‘in, savol-javoblarga boy tarzda kechdi va eng keragi, ishtirokchilarga yetarlicha motivatsiya bera oldi.

Universitet psixologi M.K.Muhammedova va "Iqtisod" fakulteti tyutori  D.Egamovalar axboroti