“Bir oyda bir” tadbiri
30.10.2024
“Elektrotexnologiya va elektr uskunalar ekspluatatsiyasi” kafedrasi dotsenti R.F.Yunusov tomonidan sohadagi mavjud muammolari va uning yechimlari bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan “Bir oyda bir kun” tadbirini o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga asosan 2024 yil 29-oktyabr kuni Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga tashrif amalga oshirildi. Tashrif davomida boshqarma boshlig‘i M.X.Tillayev va “Avtomatika va nazorat-o‘lchov apparatura, rele himoyasi qurilma va inshootlari” bo‘limi boshlig‘i SH.N.Kaybullayev bilan suhbatda bo‘lishdi, nasoslarni ta’mirlashda mexanik ishlov berish va asinxron motorlarni ta’mirlash bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi.
“Avtomatika va nazorat-o‘lchov apparatura, rele himoyasi qurilma va inshootlari” bo‘lim boshlig‘i SH.N.Kaybullayev Toshkent viloyati bo‘yicha nasos stansiyalarining joylashishi, ishlab chiqarish va elektr qurilmalarining tavsifnomalari, elektr energiya bilan ta’minlanish ishonchliligi, nasos va ularning elektr yuritmalarining motor va boshqarish tizimlarining texnik va tashkiliy ekspluatatsiya holatlari va energiya tejamkorlik bo‘yicha yil davomida bajarilgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.
Tokarlik va frezalash dastgohlari bo‘limida dastgohlar parki va ularning texnologik xususiyatlari, turli xil modifikatsiyadagi nasos qismlarini, zatvor va zadvijkalarni va boshqa mexanik qurilmalarni, sinxron va asinxron elektr motorlarining qismlarini, quvvat transformatorlarni takomillashtirish, ishlab chiqarish, ta’mirlash va tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy va ishlab chiqarish ishlari bilan tanishildi. Fazali va qisqa tutashtirilgan rotorli o‘rta va yuqori quvvatli asinxron elektr motorlarining stator va rotorlari chulg‘amlarini ta’mirlash ustaxonasida g‘altaklarni ishlab chiqarish zamonaviy texnologiyasi, ularni paslarga joylashtirish, lak bilan singdirish va quritish texnologiyasi bilan tanishildi.
Tashrif natijalari asosida kelajakda kafedrada olib borilayotgan va rejalashtirilgan ilmiy tadqiqotlar, tadqiqotchi va magistrantlarning ilmiy mavzularini tanlashda hamda talabalarning malakaviy amaliyotlarini tashkil etish, amaliy darslarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq yangiliklar, zamonaviy texnologiya va texnologik qurilmalar asosida o‘quv dasturlarini qayta shakllantirish, mutaxassislikka ega bo‘lgan bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘pgina masalalar kelishib olindi.