Qiz bolaning baxti nimada?
07.10.2024

Joriy yilning 4-oktyabr kuni “Energetika” fakulteti “Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi mudiri, professor R.Gazieva tomonidan 3-talabalar turar joyida talaba qizlar bilan “Qiz bolaning baxti – chiroyli muomalasida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat davomida qizlarga muomala odobi, so‘zlashuv madaniyati, shaxs xulqi go‘zalligini aks ettiradigan ma’naviy-axloqiy xususiyatlarni ifodalovchi tushunchalar to‘g‘risida suhbatlashildi.
Bundan tashqari, muloyimlik ham muomala odobining muhim sifatlaridan sanaladi. Muomalaning asosiy manbaini so‘z tashkil etadi. Muomala odobiga ko‘ra, yaxshi-yomon so‘z insonning ruhiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi: yaxshi so‘z bilan muomala qilinsa – yaxshilik topiladi, yomon so‘z bilan muomala qilinsa – yomonlik. Madaniylikning eng muhim unsurlaridan biri muomala odobidir. U mohiyatan, o‘zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir-biri bilan hamkorlik qilmasdan, o‘zaro tajriba almashmasdan, bir-biriga ta’sir ko‘rsatmasdan yashashi qiyin. Muomala – odam uchun ehtiyoj, zaruratdir. Muomala odobi boshqa kishilar qadr-qimmatini, izzatini joyiga qo‘yishni, an’anaviy axloqiy-me’yoriy talablarni bajarishni taqozo etadi. Uning eng yorqin, sermazmun va ifodali tarzda namoyon bo‘lishi so‘z, nutq vositasida ro‘y beradi. So‘zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomala odobining muhim jihatlarini tashkil etadi. Shu bois muomala odobi eng avvalo, shirinsuxanlik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe’llik singari axloqiy me’yorlarda namoyon bo‘ladi. Axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi. Muomala odobining yana bir “ko‘zgusi”, bu – insoniy qarash, nigoh, so‘zsiz harakatlar. Ma’lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo‘l harakatlarida uning til orqali ifodalanmagan, so‘zga aylanmagan hissiyoti o‘z aksini topadi. Chunonchi, suhbatdoshining gapini oxirigacha eshitmay, qo‘l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba’zan qarab qo‘yishning o‘zi so‘zdan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda, muomala odobi kishilarning bir-biriga ta’siri, tarbiya va o‘z-o‘zini tarbiya etish vositasi sifatida shaxslararo munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sabab yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi. Bunda ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim-tarbiya sohasi xodimlarining ta’siri katta.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi: Ch.Oxunboboyeva
Universitet matbuot xizmati