Xon atlas - milliy iftixorimiz
11.09.2024

Xon atlas – necha yuz yillik tarixga ega matolarimizdan. O'zligimizni, o'zbekligimizni eslatib turuvchi bu matodan tikilgan liboslar ayollarimizga, qizlarimizga o'zgacha joziba, ko'rk, chiroy bag'ishlaydi. Qizlarimizdagi hayo, ibo atlas bilan o'zaro uyg'unlashib, ta'rifga so'z ojiz manzara hosil qiladi. Bu bejiz emas. Undagi yorqin ranglar, jilvakor naqshlar ona – tabiatimizdan nusxa olib yaratilgan. Inson esa tabiatning ajralmas bir bo'lagidir. Milliy qadriyatlarimizdan sanalgan bu matoning
“Marg'ilon atlasi”,
“Qora atlas”,
”Bargi karam”,
“Namozshomgul”,
“Qora ko'zim” kabi nusxalari mashhur sanaladi. Ular nafaqat go'zal va jozibador, balki kishi salomatligi uchun ham foydalidir. Chunki atlasu adraslarimiz tabiiy ipakdan tayyorlanadi. Tabiiy ranglar vositasida bo'yaladi.
Shu sababli "Oila va xotin- qizlar qo'mitasi" tomonidan milliy liboslarimizda xalqimizning ming asrlik o'tmishi, urf-odat va an'analari, didi, estetik qarashlari shuningdek o'ziga xos xususiyatlari mujassamligini namoyon etish milliy qadriyatlarimizni mazmunan boyitish maqsadida "Xon atlas" festivalini o'tkazish an'anaga aylandi. Joriy yilning 10-setabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti "Gidrotexnika qurilishi" fakulteti dekan maslahatchisi F.Yunusova, fakultet tyutori D.Xursandova, 1-Talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi N.To'raqulovalar hamkorligida “Xon atlasim – mening g'ururim” shiori ostida tadbir o'tkazildi.
Festivalga universitet psixologi M.K.Muhammedova mehmon sifatida taklif etildi. Ushbu festival doirasida uyushtirilgan bu madaniy – ma'rifiy tadbirda barcha talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan qizlar ishtirok etishdi. Tadbirda o'zaro muloqot chog'ida milliy qadriyatlarimizning bir bo'lagi sanalgan atlasni asrab-avaylash, o'zbekona kiyinish madaniyati haqida so'z bordi. Qatnashchilar matolardan liboslar tikish jarayoni bilan tanishdilar, atlasu adras haqida atroflicha tushunchaga ega bo'lishdi, milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga oid bilimlarini boyitdilar. O'ylaymizki bunday tadbirlar qizlarimiz qalbida milliy iftixor tuyg'ularini yuksaltirib, qadimiy urf-odat va an'analarga nisbatan hurmat va e'tibor uyg'otib, momolarimizga xos o'zbekona did va nafislik xususiyatlarini shakllantirib va keng targ'ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
"Gidrotexnika qurilishi" fakulteti dekan maslahatchisi F.Yunusova va fakultet tyutori D.Xursandovalar axboroti
"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati







