Sug’orish tarmoqlarida mobil ilovalardan foydalanish samaradorligi

02.08.2024

#Yangilik

Jahonda global iqlim o‘zgarishi sharoitida xalq xo‘jaligi tarmoqlarini suv resurslari bilan ta’minlash tobora keskinlashib bormoqda. Ayniqsa arid mintaqalarda qishloq xo‘jaligi sektorining suv resurslari bilan ta’minlashga bo‘lgan talabning ortishi uning taqsimoti va boshqaruvini takomillashtirishga ehtiyoj sezilmoqda. Bunday sharoitda suv resurslarini samarali boshqarish va adolatli taqsimotini amalga oshirish uchun o‘lchov-kuzatuv jarayoni tezkorligi va aniqligini oshirishda raqamli texnologiyalarni qo‘llash muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasidagi jami 4,3 mln.ga sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida foydalanilayotgan Suv xo‘jaligi vazirligi tashkilotlari balansida bo‘lgan 22564 dona turli suv o‘lchash postlari mavjud. Ushbu suv o‘lchash postlarida reyka ma’lumotlari asosida suv sarfi hisobi yuritiladi. Bugungi axborot texnologiyalar asrida suv o‘lchash va taqsimlash qurilmalarida o‘lchov-kuzatuv jarayonini tezkor, aniq va ishonchli amalga oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib joriy yil 31-iyul kuni “TIQXMMI” MTU “Gidrologiya va gidrogeologiya” kafedrasi professor o’qituvlari dots. D.Nazaraliyev, prof. A.Fatxulloyev, ass. J.Hamroqulovlar tomonidan Sug‘orish tarmoqlaridagi suv o‘lchash va taqsimlash qurilmalaridan foydalanishni axborot texnologiyalarni qo‘llash asosida takomillashtirish mavzusida O’zbekiston Respublikasi Suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi “Suvchilar maktabi”da tashkil etilgan o’quv darslarida ma’ruza qildilar. Ushbu o’quv darslarida viloyatlar ITHB lari va tumanlar ITB lari gidrometrlari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdilar.

Ushbu ma’ruza darslarida sug‘orish tarmoqlaridagi suvni o‘lchash va taqsimlash qurilmalarida o‘lchov jarayonining tezkorligi hamda aniqligini oshirishni raqamli texnologiyalar ya’ni mobil ilovalar orqali boshqarish bo’yicha ko’rsatmalar berildi. Qolaversa suv iste’molchilarini suv bilan uzluksiz va o‘z vaqtida belgilangan miqdorda ta’minlashni tashkil etish va o‘lchov-kuzatuv ishlarining aniqligi hamda tezkorligini oshirish uchun sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratish bo’yicha tegishli tavsiyalar berdilar.