Vazir bilan birgalikda
01.08.2024
Kecha Iste’dodli yoshlarni qo’llab-quvvatlash “Ulug’bek” jamg’armasi
binosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipovning
ta’limdagi jarayonlar va islohotlar borasidagi ma’ruzalari samimiy va ochiq
tarzda bo’lib o’tdi. “Ilm-fan va ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar
va ularning natijalari” mavzusidagi ma’ruza ishtirokchilarda iliq taassurot
uyg’otdi.
Unda poytaxtdagi Oliy ta’lim muassasalaridan kelgan Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektorlar va boshqa mas’ullar ishtirok
etishdi. Tadbir ZOOM platformasi orqali barcha OTMlarga ham uzatib turildi.
Tadbirni jamg’arma raisi, akademik Oqil Umurzakovich Salimov olib bordi. Vazirimizning
yaqinda Qashqadaryo, Farg’ona va Qoraqalpog’istonda bo’lib qaytishi,
Prezidentimizning ta’lim sohasidagi islohotlarining mazmun-mohiyatining
amaldagi ifodasini ko’rib kengqamrovli xulosalarga ega bo’lgani ayni damda o’z
maslahatlarini berib kelgani ham e’tiborga molikdir.
Ma’ruzada oliy ta’lim tizimida qabul jarayonlarini tashkil etish, grant o‘rinlarini
taqsimlash bo‘yicha amalga oshirilgan qator islohotlar, ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi
qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli
kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida
maqsadli qabul kvotalari ajratilishi, magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan
keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi
milliy yoki xalqaro sertifikatlar talabi, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat
oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno)
qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq bir
vaqtda o‘tkazilishi belgilanganligi, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va
oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari, ta’lim
sifatini ta’minlash va o‘quv jarayonini tashkil qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan
ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan muhandislik
sohalarida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan kelgusida
amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ustuvor vazifalar, yoshlarni Vatanparvarlik
ruhida tarbiyalash va ma’naviy-ma’rifiy, ilm-fan va innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik
hamda raqamlashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari
bo‘yicha ma’lumotlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Ma’ruza mavzusi bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan juda ko‘plab qiziqarli savollar
va takliflar berildi.
Universitetimizning tyutor va bo’lim boshliqlari savol-javoblar bobida
faollik ko’rsatishdi. Vazir barcha savollarga aniq, lo’nda va ilmiy-nazariy
asoslari bilan javob qaytardi.
Tadbir nihoyasida ustozlar bilan birga rasmga tushishga ham muvaffaq
bo’ldik.
Universitet matbuot xizmati