Lanchjou university bilan hamkorlik davom etmoqda

20.07.2024

#Yangilik

Joriy yilning aprel oyida QXM fakulteti professor-o‘qituvchilari tashabbusi  bilan universitetimizda Xitoy xalq respublikasining Lanchjou universiteti bilan hamkorlikda zamonaviy o‘lchash vositalari bilan jihozlangan “Iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish” laboratoriyasi faoliyatini boshlagan edi. Iyun oyida hamkorlikda tashkil etilgan laboratoriyani atmosfera va iqlim o‘zgarishlarini kuzatish jihozlari Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutiga ham o‘rnatilib ishga tushirildi. Iyul oyi boshida O‘zbekistonga kelgan Lanchjou universiteti delegatsiyasi universitetimizga va laboratoriyaga tashrif buyurib  o‘quv va ilmiy yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olingan edi.

Bugungi kunda universitetimizni “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi mudiri Mansur Amonov, “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi doktoranti Nozimjon Teshayev stajirovka o‘tash, tajriba almashish maqsadida, “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi o‘quv laboratoriyasi mudiri Zuxriddin Abdurasulov yozgi maktabda o‘qish maqsadida Lanchjou universitetida bo’lib turishibdi.

Tashrif davomida universitetimiz xodimlari Lanchjou universitetida iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan yaqindan tanishishadi, zamonaviy jihozlar bilan ishlashda tajriba orttirishadi, O‘zbekistonda hamkorlikda tashkil etilgan laboratoriyada olingan malumotlarni tahlil qilib maqolalar tayyorlashadi. Shu bilan birga kelajakda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy xodimlar, magistrlar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilinadi.