2026 yil 27 noyabr kuni «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universitetida Xitoyning «Qingdao Tulip Machinery Co., Ltd.» kompaniyasi tomonidan universitetga zamonaviy ekish mashinasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

27.11.2026

#Xalqaro hamkorlik

Mazkur tashabbus O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida amalga oshirilayotgan «Sug‘oriladigan hududlarda resurslarni tejovchi qishloq xo‘jaligi uchun aniq ekish texnologiyalari» qo‘shma loyihasi doirasidagi hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy loyiha vakillari, shuningdek, Xitoyning «Qingdao Tulip Machinery» hamda O‘zbekistonning «Agromash Elit» kompaniyalari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Tantanali marosimda tuproqni muhofaza qiluvchi va resurs tejamkor texnologiya asosida ishlaydigan zamonaviy ekish mashinasi universitetga topshirildi. Ushbu texnikadan ta’lim jarayonida, ilmiy-tadqiqot ishlarida, shuningdek, aniq ekish texnologiyalarini amaliy o‘rganish va mahalliy sharoitlarda sinovdan o‘tkazishda foydalaniladi.

Tadbir davomida mashinaning texnik imkoniyatlari namoyish etilib, uni O‘zbekistonning tuproq va iqlim sharoitlariga moslashtirish, tajriba-sinov ishlarini tashkil etish hamda kelgusidagi ilmiy-texnik hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ushbu hamkorlik universitetning moddiy-texnik bazasini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan boyitish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash hamda resurs tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.