Generativ sun’iy intellekt- til ta’limining yangi imkoniyatlari va shaxsiylashtirilgan ta’lim istiqbollari
23.11.2026
2026-yil
21–23-noyabr kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot
fakulteti Tillar kafedrasi tashabbusi bilan «Til ta’limida generativ sun’iy
intellekt: raqamli yordamchidan shaxsiy o‘qituvchigacha» mavzusida xalqaro
ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur anjuman zamonaviy ta’lim
paradigmasida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, raqamli transformatsiya
jarayonlari va generativ sun’iy intellektning pedagogik imkoniyatlarini
ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan muhokama qilishga qaratilgani bilan alohida
ahamiyat kasb etdi.
Konferensiyani
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti prorektori, texnika fanlari doktori,
professor Shokirov Shuhrat Sobirovich ochib berdi va tadbirning dolzarbligi
hamda ahamiyati haqida so‘zladi.
Bugungi
kunda sun’iy intellekt texnologiyalari inson faoliyatining turli sohalari
qatori ta’lim tizimining mazmuni, metodologiyasi va tashkiliy mexanizmlarini
ham o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, generativ sun’iy intellektning rivojlanishi til
o‘rganish va o‘qitish jarayonida individual yondashuvni ta’minlash, ta’lim
mazmunini shaxsiy ehtiyojlarga moslashtirish, o‘quv materiallarini yaratish va
talaba bilimlarini tahlil qilish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Shu
nuqtayi nazardan, konferensiyaning asosiy maqsadi generativ sun’iy intellektning
til ta’limidagi nazariy-metodologik asoslarini muhokama qilish, uning didaktik
va texnologik imkoniyatlarini aniqlash, ilg‘or xalqaro tajribalarni
ommalashtirish hamda zamonaviy ta’lim amaliyotiga tatbiq etishning istiqbolli
yo‘nalishlarini belgilashdan iborat bo‘ldi.
Anjumanda
mamlakatimiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining taniqli olimlari,
professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar va ilmiy
izlanuvchilar ishtirok etdilar.
Konferensiyani
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti prorektori, texnika fanlari doktori,
professor Shuhrat Sobirovich Shokirov ochib berdi. U o‘z nutqida raqamli
texnologiyalar va sun’iy intellektning zamonaviy oliy ta’lim tizimidagi o‘rni,
ta’lim sifatini oshirishda innovatsion yondashuvlarning ahamiyati hamda mazkur
konferensiyaning ilmiy-pedagogik hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rniga alohida
to‘xtaldi. Shuningdek, generativ sun’iy intellekt imkoniyatlarini ta’lim
jarayoniga maqsadli va ilmiy asoslangan holda integratsiya qilish bugungi
kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Konferensiya
doirasida taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar til ta’limida sun’iy intellektdan
foydalanishning turli qirralarini qamrab oldi. Ularda zamonaviy pedagogik
texnologiyalar, shaxsiylashtirilgan ta’lim modellari, raqamli kompetensiyalar,
kognitiv rivojlanish va madaniyatlararo muloqot kabi muhim masalalar ilmiy
nuqtayi nazardan tahlil qilindi.
O‘zbekiston
davlat jahon tillari universiteti «Ingliz tilini o‘qitish metodikasi va ta’lim
texnologiyalari» kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Layloxon
Tolibjonovna Axmedova o‘z ma’ruzasida xorijiy tillarni o‘qitishda ilg‘or
pedagogik va raqamli texnologiyalardan foydalanishning dolzarb yo‘nalishlarini
yoritdi. U zamonaviy texnologik yechimlarning til o‘rganish samaradorligini
oshirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish va o‘quvchilarning kommunikativ
kompetensiyalarini rivojlantirishdagi ahamiyatini ilmiy jihatdan asoslab berdi.
Shuningdek, anjumanda dotsent Narmuratova Valentina Ivanovna, professor Nellya
Nikolayevna Shitkalar ishtirok etib, ma’ruzalarida til ta’limida innovatsion
texnologiyalarni qo‘llashning nazariy va metodik asoslarini belgilab berishga
munosib hissa qo‘shdilar.
«Sugand
Akbarian Publications» nashriyoti bosh direktori, xalqaro «SOUGAND in English»
jurnali bosh muharriri Sougand Akbarian generativ sun’iy intellektni ingliz
tilini o‘qitish jarayonida shaxsiylashtirilgan pedagogik hamkorga aylantirish
masalasini tahlil qildi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt
texnologiyalarini ta’limga joriy etishning o‘zi yetarli emas, balki ularni aniq
pedagogik maqsadlar, o‘quv ehtiyojlari va ta’lim natijalari bilan
uyg‘unlashtirish muhimdir. Ma’ruzada texnologiyadan oddiy foydalanish bilan uni
ta’lim jarayonining mazmuni va metodologiyasiga samarali integratsiya qilish
o‘rtasidagi muhim farq ochib berildi.
Navoiy
davlat universitetidan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD),
dotsentlar Suvonova Lobar Islom qizi va Malika G‘anishyerovna Aripova sun’iy
intellekt va pedagogik mahorat, ikki tilli talabalarning lirik matnlarni
mustaqil talqin qilishi jarayonida generativ sun’iy intellektdan
foydalanishning metodik modelini taqdim etdilar. Ma’ruzachilar mazkur modelning
badiiy matnni chuqur anglash, tahliliy va ijodiy fikrlash, mustaqil xulosa
chiqarish hamda adabiy talqin ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi imkoniyatlarini
asoslab berdilar. Taqdimotning e’tiborga molik jihati shundaki, unda sun’iy
intellekt faqat axborot olish yoki texnik vazifalarni bajarish vositasi emas,
balki murakkab intellektual va ijodiy faoliyatni rag‘batlantiruvchi pedagogik
resurs sifatida talqin qilindi.
Alfraganus
universiteti Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD) Kamola Abdurashidovna Abdullayeva EFL (ingliz tilini xorijiy
til sifatida o‘qitish) sharoitida nutq ko‘nikmalarini sun’iy intellekt
yordamida rivojlantirishga mo‘ljallangan, lug‘at boyligiga yo‘naltirilgan
AI-VOS modelini taqdim etdi. Ma’ruzachi leksik kompetensiyaning og‘zaki va
yozma nutqni shakllantirishdagi fundamental ahamiyatini ilmiy jihatdan yoritib,
lug‘at zaxirasini tizimli rivojlantirish orqali kommunikativ salohiyatni
oshirish mexanizmlarini asoslab berdi. Taqdim etilgan model nazariy
yondashuvlarni aniq amaliy yechimlar bilan uyg‘unlashtirgani bilan ajralib
turdi.
Ozarbayjon
davlat universiteti vakili, filologiya fanlari doktori, dotsent Metenetxanum
Xudiyeva ozarbayjon tilini xorijiy talabalarga o‘qitishda generativ sun’iy
intellektdan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qildi. U o‘z ma’ruzasida shaxsiylashtirilgan
ta’lim muhitini shakllantirish, o‘rganuvchilarning individual ehtiyojlarini
inobatga olish va kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirishda sun’iy
intellekt vositalarining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Ma’ruza xorijiy tillarni
o‘qitishda til va o‘rganuvchi ehtiyojlari o‘rtasidagi individual munosabatlarni
hisobga olish zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
Nizomiy
Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti professori,
pedagogika fanlari doktori Gulsanam Ne’matovna Ibragimova hamda pedagogika
fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamola Abrorxon qizi Abrorxonova raqamli
transformatsiya sharoitida pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini
generativ sun’iy intellekt asosida ta’minlashning tashkiliy-pedagogik
mexanizmlarini yoritdilar. Ma’ruzachilar pedagog kadrlarning kasbiy
kompetensiyalarini rivojlantirish, malaka oshirish jarayonlarini
takomillashtirish va uzluksiz ta’lim tizimiga intellektual texnologiyalarni
integratsiya qilish istiqbollarini tahlil qildilar. Ularning ilmiy qarashlarida
sun’iy intellekt davrida pedagogning kasbiy roli, raqamli savodxonligi va
doimiy kasbiy rivojlanishga bo‘lgan ehtiyoji muhim o‘rin egalladi.
Shuningdek,
anjumanda Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universitetining Til va
adabiyot kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Saltanat
Baygazinovna Beysembaeva, Bolgariya Respublikasining Varna universiteti
dotsenti Svetlana Dragun, Rossiya Federatsiyasi Prezident Akademiyasining
Chelyabinsk filiali huzuridagi Tillar instituti professorlari Viktoriyа Borisovna
Sharonova, Natalya Borisovna Menshikova, Olga Ivanovna Xalupo, Olga Sergeyevna
Yashina kabi ko‘zga ko‘ringan olimlar ishtirok etib, raqamli texnologiyalar
davrida til va madaniyatlarning o‘zaro ta’siri masalasiga bag‘ishlangan
ma’ruzalar bilan qatnashdilar. Ular raqamli kommunikatsiya muhiti
madaniyatlararo muloqot chegaralarini kengaytirayotgani, til va madaniyat
munosabatlariga yangi mazmun olib kirayotgani hamda bu jarayon xorijiy til
ta’limida madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantirishni taqozo etayotganini
ta’kidladilar. Ma’ruzalar til ta’limi faqat lingvistik bilimlarni o‘zlashtirish
bilan cheklanmasligi, balki boshqa xalqlarning madaniy qadriyatlari,
dunyoqarashi va muloqot me’yorlarini anglashga ham xizmat qilishi lozimligini
ko‘rsatdi.
Konferensiyaning
ilmiy muhokamalari davomida Buxoro davlat universiteti, Jizzax pedagogika
universiteti, Samarqand davlat chet tillar universitetining
professor-o‘qituvchilari faol qatnashdilar. Ular generativ sun’iy intellektning
til o‘qitish metodikasidagi o‘rni va didaktik imkoniyatlariga alohida e’tibor
qaratib, uni dars mashg‘ulotlarini rejalashtirish, individual o‘quv
topshiriqlarini ishlab chiqish, ta’lim kontentini yaratish, matnlarni tahlil
qilish, tarjima jarayonlarini takomillashtirish, grammatik va leksik bilimlarni
mustahkamlashda qo‘llash masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek,
sun’iy intellekt vositasida talabalarning bilim darajasi, o‘rganish sur’ati va
individual ehtiyojlariga moslashtirilgan ta’lim muhitini shakllantirish,
mustaqil ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, og‘zaki va yozma nutq
kompetensiyalarini rivojlantirish hamda xorijiy tillarni o‘zlashtirish
samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Anjumanda
respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalaridagi yosh va iqtidorli
magistrantlar ham ishtirok etib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan
foydalanishda akademik halollik, axborot xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlarni
muhofaza qilish, mualliflik huquqi va tanqidiy fikrlash madaniyatiga rioya
etish zarurligini alohida ta’kidladilar. Chunki texnologik imkoniyatlarning
kengayishi ulardan mas’uliyatli, etik va ilmiy asoslangan tarzda foydalanish
zaruratini ham kuchaytiradi.
Muhokamalarda
generativ sun’iy intellektning eng muhim afzalliklaridan biri — ta’limni
shaxsiylashtirish imkoniyati ekani qayd etildi. An’anaviy ta’limda barcha
talabalarga bir xil mazmun va sur’atda taqdim etiladigan o‘quv materiallari
sun’iy intellekt yordamida har bir o‘rganuvchining bilim darajasi, qiziqishi,
ehtiyoji va o‘zlashtirish dinamikasiga moslashtirilishi mumkin. Bu esa ta’lim
jarayonida individual trayektoriyalarni shakllantirish, tezkor qayta aloqa
mexanizmlarini takomillashtirish va o‘quv natijalarini yaxshilash uchun yangi
imkoniyatlar yaratadi.
Muhokamalar
davomida muhim bir tamoyil alohida e’tirof etildi: sun’iy intellekt pedagogning
o‘rnini egallovchi muqobil emas, balki uning kasbiy salohiyatini
kengaytiruvchi, pedagogik qarorlarini qo‘llab-quvvatlovchi va ta’lim jarayonini
yanada samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi intellektual hamkordir. Zero,
ta’limning markazida hamon inson, uning intellektual salohiyati, ijodiy
tafakkuri va ma’naviy-axloqiy kamoloti turadi.
Konferensiyaning
muhim jihatlaridan biri mahalliy va xorijiy olimlarning ilmiy muloqoti, tajriba
almashinuvi hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun
samarali akademik maydon yaratilgani bo‘ldi. Turli oliy ta’lim muassasalari va
ilmiy maktablar vakillarining ishtirokida generativ sun’iy intellektning til
ta’limidagi nazariy asoslari, amaliy modellari va istiqbolli tatbiq
yo‘nalishlari ko‘p qirrali tahlil qilindi.
Ishtirokchilar
tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar konferensiya mazmunini
yanada boyitib, muhokama qilinayotgan masalalarga turli ilmiy maktablar va
pedagogik yondashuvlar nuqtayi nazaridan baho berish imkonini yaratdi. Ayniqsa,
sun’iy intellektni ta’limga joriy etishda texnologiya, metodika va inson omili
o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Mazkur
xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya generativ sun’iy intellektning til
ta’limidagi imkoniyatlarini o‘rganish, innovatsion pedagogik yechimlarni
muhokama qilish va kelgusidagi ilmiy tadqiqotlar uchun muhim
g‘oyaviy-metodologik asoslarni belgilashga xizmat qildi.
Konferensiya
yakunida bildirilgan ilmiy xulosa va takliflardan kelib chiqib, oliy ta’lim
tizimida, xususan, til o‘qitish jarayonida generativ sun’iy intellekt
imkoniyatlaridan maqsadli va samarali foydalanish, shaxsiylashtirilgan ta’lim
modellarini rivojlantirish, innovatsion metodikalarni amaliyotga tatbiq etish
hamda pedagoglar va talabalarning raqamli kompetensiyalarini izchil
takomillashtirish ustuvor vazifalardan ekani ta’kidlandi.
Tadbir
yakunida “TIQXMMI” MTU Tillar kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori,
professor Shahzoda Abdullayeva anjumanning faol ishtirokchilari va
qatnashchilariga sertifikatlar topshirdi.
Umuman
olganda, mazkur konferensiya sun’iy intellekt va til ta’limi integratsiyasining
bugungi holatini tahlil qilish bilangina cheklanmay, kelajakdagi ta’lim
modellari haqida ilmiy tasavvurlarni boyitgani, xalqaro akademik muloqotni
rivojlantirgani va raqamli ta’limning yangi imkoniyatlariga yo‘l ochgani bilan
ahamiyatli bo‘ldi. Zero, kelajak ta’limi texnologiyalarni shunchaki
qo‘llaydigan emas, balki ularni inson tafakkuri, ijodkorligi va intellektual
kamolotini rivojlantirishga yo‘naltira oladigan ta’limdir.