Kasbiy ta’lim ko’rgazmasi: innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik

23.10.2026

#Xalqaro hamkorlik

     2026-yil 19–20-oktabr kunlari Toshkent shahridagi Rich Park mehmonxonasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda Janubiy Koreyaning Keimyung College University hamkorligida “Ta’lim innovatsiyalaridan kelajakdagi hamkorlik sari” (From Teaching Innovation to Future Cooperation) mavzusidagi O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumi bo‘lib o‘tdi.

   Forum doirasida Raqamli ta’lim innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash markazi (DEISC-Digital Education Innovation Support Centre) faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazma DEISC koordinatori, dotsent G‘ozal Eshchanova hamda DEISC assistenti Aziz Nigmatov tomonidan Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan birgalikda tayyorlandi.

    Kasbiy ta’lim imkoniyatlari va DEISC faoliyati namoyish etildi

  Ko‘rgazmada O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim muassasalari -texnikumlar faoliyati, ularning ta’lim yo‘nalishlari va o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot beruvchi bukletlar hamda targ‘ibot materiallari taqdim etildi. Ayniqsa, DEISC a’zosi bo‘lgan texnikumlar, ularning faoliyati va kasbiy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar alohida yoritildi.

   Shuningdek, kasbiy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumotlar namoyish etildi. KOICA, British Council, O‘zbekiston Respublikasi Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan bog‘liq hamkorlik yo‘nalishlari ham ko‘rgazma mazmunida aks ettirildi.

  Xalqaro ta’lim dasturlari — talabalar uchun yangi imkoniyatlar

   Ko‘rgazmada xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida “2+2” ta’lim dasturi va uning talabalarga taqdim etadigan imkoniyatlariga ham e’tibor qaratildi. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Keimyung College University hamda British Council o‘rtasida imzolangan memorandum doirasidagi hamkorlik ta’lim sohasida yangi istiqbollarni ochishga xizmat qiladi.

   Mazkur dastur doirasida talabalar uchun dastlabki ikki yilni “TIQXMMI” tizimidagi texnikumda, keyingi ikki yilni esa Janubiy Koreyaning Keimyung College University universitetida tahsil olish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Shuningdek, koreys tilidan TOPIK II sertifikatiga ega bo‘lgan talabalar uchun ham ikki yil O‘zbekistonda, ikki yil esa Keimyung College University’da ta’lim olish yo‘li taqdim etilishi haqida ma’lumot berildi.

   Ushbu ta’lim yo‘nalishlari yoshlarning xalqaro tajriba orttirishi, xorijiy ta’lim muhiti bi lan tanishishi va kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun muhim imkoniyat hisoblanadi. Xalqaro ta’lim dasturlari va akademik hamkorlik O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

  Innovatsiyalar, startaplar va tadbirkorlik tashabbuslari

   Ko‘rgazmaning muhim yo‘nalishlaridan biri innovatsion g‘oyalar va tadbirkorlik tashabbuslari bo‘ldi. Unda texnikum o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, biznes-rejalar, shuningdek, startaplarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

   Bundan tashqari, texnikum o‘quvchilari qo‘lga kiritgan startap vaucherlari va yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirishga qaratilgan imkoniyatlar ham yoritildi. Ushbu materiallar kasbiy ta’limni nafaqat kasb va ko‘nikmalarni egallash, balki tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ham muhim maydon sifatida namoyon etdi.

   Ko‘rgazma tajriba almashish va xalqaro hamkorlik uchun imkoniyat yaratdi

   Forumda O‘zbekiston va Janubiy Koreya vakillari, ta’lim sohasi rahbarlari, texnikum direktorlari, kasbiy ta’lim o‘qituvchilari, professorlar va o‘qituvchilar ishtirok etdilar. Ko‘rgazma ular uchun O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim tizimi, texnikumlar faoliyati va innovatsion tashabbuslar bilan yaqindan tanishish, o‘zaro tajriba almashish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.

    Taqdim etilgan materiallar ishtirokchilarga DEISC faoliyati, kasbiy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, xalqaro ta’lim dasturlari va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish imkoniyatlari haqida batafsilroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi. Shu jihatdan ko‘rgazma kasbiy ta’limni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim tajriba almashish maydoni bo‘ldi.

   Volontyor talabalar tadbirni tashkil etishda faol ishtirok etdilar

   Ko‘rgazma va forumni tashkil etish jarayonida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot fakulteti, Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi talabalari ham volontyor sifatida faol qatnashdilar. Jami 9 nafar talaba mehmonlarni kutib olish, ishtirokchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirishda yordam berdi.

Volontyorlar quyidagi talabalar guruhlaridan jalb etildi:

  • 246-guruh: Madaminova Sevara, Masharipova Shirin, Pirjanova Orazgul, Bayramlurdyyeva Nurjahan;
  • 244-guruh: Yusupova Arzuv, Ro’zmetov Xayrulla, Begenjov Jeyxun;
  • 243-guruh: Amandgeldiyeva Mehriban, Ishanova Ayjemal.

Talabalarning faol ishtiroki tadbirning tashkiliy ishlarini qo‘llab-quvvatlash, mehmonlarga ko‘maklashish va forum jarayonining samarali tashkil etilishiga hissa qo‘shdi.

   Kasbiy ta’limni rivojlantirish sari yangi imkoniyatlar

   O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumi doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma kasbiy ta’lim imkoniyatlari, DEISC faoliyati, innovatsion loyihalar va xalqaro ta’lim dasturlarini kengroq tanishtirishga xizmat qildi.

  Bunday tashabbuslar kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish, yoshlarning innovatsion va tadbirkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.