Universitetimiz vakillari Erasmus+ CBHE tematik klaster uchrashuvida ishtirok etdilar

23.10.2026

#Xalqaro hamkorlik #Ta`lim

2026-yil 22-oktabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Erasmus+ dasturining “Oliy ta’limda salohiyatni oshirish” (CBHE) loyihalari doirasida barqaror rivojlanish va “Yashil kelishuv” (Green Deal) mavzusiga bag‘ishlangan tematik klaster uchrashuvi tashkil etildi.

Mazkur tadbirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti vakillari — HWCA loyihasi koordinatori A. Salohiddinov, LESLIE va GDCAU loyihalari koordinatori Sh. Raxmonov hamda loyiha menejeri I. Bozorov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida A. Salohiddinov Erasmus+ HWCA loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan taqdimot qildi.

Mazkur loyihaning muhim yutuqlaridan biri — universitetimizda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda “Suv diplomatiyasi” magistratura dasturining ishlab chiqilishi va yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Keyinchalik mutaxassislik “Xalqaro suv diplomatiyasi” nomini oldi. Shuningdek, loyiha doirasida xalqaro suv munosabatlari, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishi va suv xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlari takomillashtirildi, xalqaro treninglar va yozgi maktablar tashkil etildi.

Sh. Raxmonov esa Erasmus+ LESLIE va GDCAU loyihalari doirasida universitet tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan yutuqlar haqida taqdimot qildi. Xususan, LESLIE loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Land Management” mikrosertifikat ta’lim dasturi, GDCAU loyihasi doirasida tashkil etilgan Green Deal Center faoliyati va yashil transformatsiya yo‘nalishidagi tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv Erasmus+ CBHE loyihalarining natijalarini keng targ‘ib qilish, universitetlar o‘rtasida tajriba almashish, barqaror rivojlanish hamda “Yashil kelishuv” yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.