Ona tili va kitobxonlik – ma’naviy taraqqiyotimizning ikki buyuk ustuni

23.10.2026

#Yangilik #Ta`lim #Ma`naviy va tashkiliy

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-308 sonli qarorining 7-bandi “d” kichik bandida har yili oktyabr oyida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy, adabiy tadbirlar hamda kitob taqdimotlarini o‘tkazish belgilangan. Ushbu ezgu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 16-oktabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining kutubxonasida “Tillar” kafedrasi mudiri prof. Sh.A. Abdullayeva boshchiligida o‘qituvchi   M. Qo‘shnazarova va talaba-yoshlar ishtirokida “Ona tili va kitobxonlik – ma’naviy taraqqiyotimizning ikki buyuk ustuni”  mavzusida qizg‘in davra suhbati tashkil etildi. Davra  ko‘tarinki ruhda va katta qiziqish bilan tashkil etilib, unda ona tilimizning boy tarixi, uning jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish borasida   qizg‘in bahs-munozaralar va samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ona tilimiz -  milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz va buyuk kelajagimiz poydevori ekanligi alohida e’tirof etildi. Ishtirokchilar adabiyot, mutolaa madaniyati hamda kitobning inson hayotida tutgan o‘rni xususida o‘zlarining  ijobiy yondashuvlarini o‘rtaga tashladilar, shuningdek, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Mazkur ma’rifiy tadbir yoshlarning qalbida ona tiliga bo‘lgan hurmat-ehtiromni yanada kuchaytirib, kitobxonlikka bo‘lgan mehrini oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.

“Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi M. Qo‘shnazarova axboroti 

Universitet matbuot markazi