O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muhandislik sohasidagi ilmiy-akademik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
23.10.2026
Xalqaro tajriba
almashinuvi va ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida TIQXMMI MTU “Elektrotexnika
va mexatronika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Turkiya Respublikasining
nufuzli Nevşehir Hacı Bektaş Veli universitetiga (NEVÜ) amaliy tashrifni amalga
oshirdilar. Bu universitet Turkiyaning mashhur Kapadokiya mintaqasida
joylashgan yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, zamonaviy
muhandislik, texnologiya va amaliy fanlar yo‘nalishida yuqori ilmiy-akademik
salohiyatga hamda rivojlangan ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga ega.
Tashrif doirasida vakillarimiz universitetning Muhandislik va me’morchilik
(Mühendislik - Mimarlık) fakulteti dekani, prof. dr. Cemal ÇARBOĞA bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdilarki, unda ikki
muassasa o‘rtasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib
borish yuzasidan atroflicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuvdan so‘ng
vakillarimiz fakultet va universitetning markaziy laboratoriyalari
infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar e’tibori markaziy yo‘nalishlar
— elektrotexnika, robototexnika,
mikroprotsessorlar hamda elektroyuritma laboratoriyalariga qaratildi. Tashrif
chog‘ida robototexnika hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining
funksional imkoniyatlarini sinash, mikroprotsessorli boshqaruv platformalari va
integral mikrosxemalarni dasturlash hamda sinovdan o‘tkazish, shuningdek,
zamonaviy elektroyuritmalar va ularning boshqaruv algoritmlarini
modellashtirish hamda resurs tejamkorligini ta’minlaydigan uskunalar
imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi. Ushbu laboratoriya imkoniyatlari
elektrotexnika, mexatronika va robototexnika sohalarini rivojlantirishda,
shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnika va jarayonlarini intellektual
avtomatlashtirishda zarur bo‘lgan ilmiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat
qiladi.
Samarali kechgan uchrashuvlar davomida tomonlar o‘zaro akademik va ilmiy
aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha NEVÜ talabalarining TIQXMMI MTU
magistraturasida tahsil olishi hamda ikki taraflama talabalar almashinuvini
yo‘lga qo‘yish, pedagog kadrlar va olimlarning o‘zaro tajriba oshirishi,
ma’ruzalar o‘qishi hamda ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek,
ustuvor texnologik yo‘nalishlarda birgalikda ilmiy-tadqiqot va
tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish hamkorlik istiqbollarini belgilab
oldilar.