O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muhandislik sohasidagi ilmiy-akademik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

23.10.2026

#Yangilik #Xalqaro hamkorlik #Ta`lim

Xalqaro tajriba almashinuvi va ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida TIQXMMI MTU “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Turkiya Respublikasining nufuzli Nevşehir Hacı Bektaş Veli universitetiga (NEVÜ) amaliy tashrifni amalga oshirdilar. Bu universitet Turkiyaning mashhur Kapadokiya mintaqasida joylashgan yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, zamonaviy muhandislik, texnologiya va amaliy fanlar yo‘nalishida yuqori ilmiy-akademik salohiyatga hamda rivojlangan ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga ega.

Tashrif doirasida vakillarimiz universitetning Muhandislik va me’morchilik (Mühendislik - Mimarlık) fakulteti dekani, prof. dr. Cemal ÇARBOĞA bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdilarki, unda ikki muassasa o‘rtasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib borish yuzasidan atroflicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuvdan so‘ng vakillarimiz fakultet va universitetning markaziy laboratoriyalari infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar e’tibori markaziy yo‘nalishlar — elektrotexnika, robototexnika, mikroprotsessorlar hamda elektroyuritma laboratoriyalariga qaratildi. Tashrif chog‘ida robototexnika hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining funksional imkoniyatlarini sinash, mikroprotsessorli boshqaruv platformalari va integral mikrosxemalarni dasturlash hamda sinovdan o‘tkazish, shuningdek, zamonaviy elektroyuritmalar va ularning boshqaruv algoritmlarini modellashtirish hamda resurs tejamkorligini ta’minlaydigan uskunalar imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi. Ushbu laboratoriya imkoniyatlari elektrotexnika, mexatronika va robototexnika sohalarini rivojlantirishda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnika va jarayonlarini intellektual avtomatlashtirishda zarur bo‘lgan ilmiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Samarali kechgan uchrashuvlar davomida tomonlar o‘zaro akademik va ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha NEVÜ talabalarining TIQXMMI MTU magistraturasida tahsil olishi hamda ikki taraflama talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, pedagog kadrlar va olimlarning o‘zaro tajriba oshirishi, ma’ruzalar o‘qishi hamda ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek, ustuvor texnologik yo‘nalishlarda birgalikda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish hamkorlik istiqbollarini belgilab oldilar.