“Til — millat ko‘zgusi, ma’naviyat beshigi!”
22.10.2026
2026-yilning 21-oktabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining “Iqtisodiyot” fakulteti hamda “Tillar” kafedrasi hamkorligida “Til — millat ko‘zgusi, ma’naviyat beshigi!” shiori ostida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.
Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor professor B. Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib berib, yig‘ilganlarni O‘zbek tili bayrami munosabati bilan samimiy tabrikladi va o‘zining tilaklarini bildirdi. Tadbirda universitet va fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, atoqli adib va shoirlar hamda fakultetning ijtimoiy-ma’naviy faol talaba-yoshlari ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ona tilimizning boy tarixi, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni hamda mamlakatimizda tilimizning nufuzini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Tilshunos olima Omanova Mubora Abdurazakovna o‘zining“Til – millat ko‘zgusi” mavzusidagi mazmunli taqdimoti bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida ona tilimizning shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, uning xalqimiz ma’naviyatidagi bebaho o‘rni hamda bugungi kunda davlat tilining nufuzini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Dotsent M.A. Omanovaning chuqur ilmiy tahlillarga boy taqdimoti talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, madaniyat va san’at fidokori, taniqli kinoshunos Murod Hazratqulovga so‘z berildi. U o‘z nutqida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomini berilish jarayonlari oson kechmagani, bu yo‘lda xalqimiz va fidoyi jadid bobolarimizning ma’rifatparvarlik harakati, ona tilimizni asrash, milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi ulkan xizmatlarini chuqur hayajon bilan yodga oldi. Istiqlol yillarida tilimizga ko‘rsatilgan e’tibor va uning bugungi kunda jamiyatdagi mavqei haqidagi fikrlari ishtirokchilarda yuksak g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi. Bayram dasturi doirasida iqtidorli talabalar ijrosidagi jo‘shqin badiiy chiqishlar, boy tariximiz va buyuk siymolarimizni gavdalantiruvchi ta’sirchan sahna ko‘rinishlari hamda milliy raqslar yuqori saviyada namoyish etilib, yig‘ilganlarga chinakam bayramona kayfiyat va unutilmas ma’naviy zavq bag‘ishladi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy kecha shunchaki bayram tantanasi bo‘lib qolmay, talaba-yoshlar qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik va ona tilimizga bo‘lgan cheksiz ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. U yosh avlodga ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan beqiyos til boyligimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga sof holda yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini yana bir bor uqtirdi. Zero, milliy tilga bo‘lgan e’tibor va ehtirom — milliy g‘urur va ma’naviy komillikning bosh mezonidir.
“Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
M. Qo‘shnazarova axboroti
Universitet matbuot xizmati