TIQXMMI MTU delegatsiyasi Selchuk universitetining ilmiy laboratoriyalari bilan tanishdi.

22.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

TIQXMMI MTU “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o’qituvchilari Turkiya Respublikasidagi Selchuk universitetiga xizmat safari doirasida universitetning Ilg’or texnologiyalar tadqiqot va amaliyot markazi (İLTEK) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Selchuk universiteti Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. URAP 2025–2026 reytingi natijalariga ko’ra universitet Muhandislik sohasida Turkiyada 9-o’rinni, jahon reytingida esa 890-o’rinni egallab, ushbu yo’nalishda dunyoning eng yaxshi 1000 ta universiteti qatoridan joy olgan.

İLTEK markazi universitet olimlari, sanoat korxonalari va boshqa tashkilotlarga ilg’or analitik tahlil xizmatlarini ko’rsatadi. Tashrif davomida markaz mutaxassislari laboratoriyalardagi zamonaviy jihozlar — gaz xromatografi, yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (HPLC) tizimlari hamda skanerlovchi elektron mikroskop (SEM) ishlash tamoyillari va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu qurilmalar yordamida materiallarning kimyoviy tarkibi tahlil qilinadi, metall, polimer va nanomateriallarning tuzilishi mikro va nano darajada o’rganiladi.

Kafedra professor-o’qituvchilari uchun ayniqsa elektron mikroskopiya va materiallar tahlili imkoniyatlari katta qiziqish uyg’otdi. Bu yo’nalishlar elektrotexnika, mexatronika va qishloq xo’jaligi mashinasozligida qo’llaniladigan materiallar hamda elektron komponentlarni tadqiq qilishda muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, [qo’shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, doktorant va yosh olimlarning İLTEK laboratoriyalarida tajriba almashishi, professor-o’qituvchilar va talabalar akademik almashinuvi] kabi masalalar ko’rib chiqildi.