TIQXMMI MTU delegatsiyasi Selchuk universitetining ilmiy laboratoriyalari bilan tanishdi.
22.10.2026
TIQXMMI MTU “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o’qituvchilari Turkiya Respublikasidagi Selchuk universitetiga xizmat safari doirasida universitetning Ilg’or texnologiyalar tadqiqot va amaliyot markazi (İLTEK) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Selchuk universiteti Turkiyaning yetakchi oliy
ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. URAP 2025–2026 reytingi natijalariga
ko’ra universitet Muhandislik sohasida Turkiyada 9-o’rinni, jahon reytingida
esa 890-o’rinni egallab, ushbu yo’nalishda dunyoning eng yaxshi 1000 ta
universiteti qatoridan joy olgan.
İLTEK markazi universitet olimlari, sanoat korxonalari
va boshqa tashkilotlarga ilg’or analitik tahlil xizmatlarini ko’rsatadi.
Tashrif davomida markaz mutaxassislari laboratoriyalardagi zamonaviy jihozlar —
gaz xromatografi, yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (HPLC) tizimlari
hamda skanerlovchi elektron mikroskop (SEM) ishlash tamoyillari va
imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu qurilmalar yordamida
materiallarning kimyoviy tarkibi tahlil qilinadi, metall, polimer va
nanomateriallarning tuzilishi mikro va nano darajada o’rganiladi.
Kafedra professor-o’qituvchilari uchun ayniqsa
elektron mikroskopiya va materiallar tahlili imkoniyatlari katta qiziqish
uyg’otdi. Bu yo’nalishlar elektrotexnika, mexatronika va qishloq xo’jaligi
mashinasozligida qo’llaniladigan materiallar hamda elektron komponentlarni
tadqiq qilishda muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni rivojlantirish
istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, [qo’shma ilmiy-tadqiqot loyihalari,
doktorant va yosh olimlarning İLTEK laboratoriyalarida tajriba almashishi, professor-o’qituvchilar
va talabalar akademik almashinuvi] kabi masalalar ko’rib chiqildi.