Qozon Federal Universitetida ilmiy stajirovka

22.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti yosh olimlarining xalqaro miqyosda tajriba orttirishi va yetakchi xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlashi yo‘lidagi navbatdagi qadam tashlandi.

Universitetning “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi assistenti Mardiyev Shaxbozjon Husan o‘g‘li Rossiya Federatsiyasining nufuzli Qozon Federal Universitetida (QFU) 4 haftalik (1 oylik) qisqa muddatli ilmiy stajirovka o‘tamoqda.

Ushbu ilmiy safar “Arid mintaqalarda tuproq degradatsiyasini baholashning zamonaviy usullari” fan yo‘nalishiga bag‘ishlangan. Tadqiqotlar Qozon Federal Universitetining “Tuproqshunoslik” kafedrasi jamoasi bilan belgilab olingan dastur asosida global va mintaqaviy miqyosda o‘ta dolzarb hisoblangan ekologik muammolarga qaratilgan.

Hozirda QFU tomonidan ishlab chiqilgan maxsus ilmiy dastur doirasida tuproq namunalari asosida uning tarkibini aniqlash va degradatsiya tiplarini baholash bo‘yicha laboratoriya hamda dala sharoitidagi mashg‘ulotlarda faol ishtirok etilmoqda.

Stajirovka yakuni bo‘yicha arid mintaqalarda tuproq unumdorligini saqlash va degradatsiyaga qarshi kurashishning ilg‘or xalqaro tajribalarini o‘zlashtirish rejalashtirilgan.