Ehtirom va samimiyat, nasihat va maslahat zamiriga qurilgan uchrashuv
20.10.2026
Universitet Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” qalblarga iliqlik ulashgan, o‘zgacha taassurotlarga boy tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda mehnat faxriylari, nuroniylar, taniqli insonlar va yoshlar bir davrada jam bo‘lib, samimiy suhbatlar, hayotiy xotiralar va ezgu tilaklar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida bir haqiqatni yana bir bor his etdim: insonning qadri uning yillar davomida qilgan mehnati, odamlarga bergan yaxshiligi va ortidan qoldirgan izlari bilan o‘lchanadi. Bugun el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlarni tinglar ekanmiz, ularning hayot yo‘li, sabr-toqati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan xizmatlari yosh avlod uchun naqadar katta ibrat ekanini anglash qiyin emas.
Uchrashuv davomida faxriy mehmonlarga so‘z berildi. Ular orasida mehnat faxriylari, taniqli jurnalist va tarixchi olim Xaitov Iskandar Samandarovich, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Adusamatova Muqaddas Solihovna, mehnat faxriylari Dehqambaev Abubakir Dehqambaevich va Marhamatxon Irgasheva, shuningdek, tajribali pedagog Yuldashev Qobiljon Oxunovich kabi el ardog‘idagi insonlar bor edi.
Har bir insonning o‘ziga xos hayot yo‘li, aytadigan gapi va ulashadigan tajribasi bor. Bunday uchrashuvlarda esa yoshlar nafaqat o‘tmish haqida eshitadi, balki bugungi imkoniyatlarning qadriga yetish, oldiga maqsad qo‘yish va kelajak uchun mas’uliyatni his etishni ham o‘rganadi.
Tadbirda yangragan fikrlar, samimiy munosabat va faxriylarimizga ko‘rsatilgan ehtirom avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlik naqadar muhimligini ko‘rsatdi. Zero, bugun yoshlar erishayotgan yutuqlar zamirida kechagi avlodning mehnati, tajribasi va duolari mujassam.
Ushbu uchrashuvning eng muhim jihati — insonni qadrlash, uning mehnatini e’tirof etish va hayotiy tajribasidan saboq olish imkoniyati bo‘ldi. Chunki ba’zan bir insonning hayot yo‘li bizga ko‘plab kitoblardan ololmagan saboqni beradi.
“Uch avlod uchrashuvi” qalblarda iliq taassurotlar qoldirdi. Bunday tadbirlar davom etaversin, avlodlar o‘rtasidagi mehr va hurmat rishtalari yanada mustahkam bo‘lsin. Zero, o‘tmishini qadrlagan, bugunini anglagan va kelajagiga ishonch bilan qaragan xalqning yo‘li hamisha yorug‘ bo‘ladi.
Universitet matbuot xizmati