Buxoroda LESLIE xalqaro loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
21.10.2026
2026-yil 19–20-oktabr kunlari Buxoro davlat universitetida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan LESLIE xalqaro loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda yer resurslarini barqaror boshqarish, atrof-muhit muhofazasi, chiqindilarni boshqarish va ekologik barqarorlik masalalari muhokama qilindi. Uch yil davom etgan loyihada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti faol ishtirok etib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajardi. Xususan, universitet tomonidan “Land Management in Central Asia” nomli yangi o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Universitetning loyiha doirasidagi samarali faoliyati loyiha koordinatori, Valensiya politexnika universiteti professori Javier Rodrigo Ilarri tomonidan alohida e’tirof etildi. Konferensiyada universitetning loyiha koordinatori Sh. Raxmonov hamda loyiha menejeri I. Bozarov faol ishtirok etdilar. Sh. Raxmonov anjumanning ochilishida so‘zga chiqib, LESLIE loyihasi universitet uchun nafaqat ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish, balki xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi xalqaro sherikliklarni yo‘lga qo‘yishda muhim imkoniyat yaratganini ta’kidladi. Mazkur loyiha doirasida erishilgan natijalar universitetning xalqaro hamkorligini mustahkamlash hamda zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.