O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumining ikkinchi kuni: raqamli ta’lim va ilg‘or pedagogik tajribalar

21.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

         2026-yil 20-oktabr kuni Toshkent shahridagi Rich Park mehmonxonasida “Ta’lim innovatsiyalaridan kelajakdagi hamkorlik sari” (From Teaching Innovation to Future Cooperation) mavzusidagi O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumining ikkinchi kuni yuqori saviyada tashkil etildi. Xalqaro tadbir kasbiy ta’lim pedagoglarining raqamli va sun’iy intellekt bo‘yicha kompetensiyalarini rivojlantirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni almashish hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Forumning ikkinchi kunida texnikum o‘qituvchilari, ta’lim sohasi vakillari va koreyalik ekspertlar ishtirok etdilar. Dastur doirasida maxsus ma’ruza, savol-javob va muhokamalar, texnikumlarning ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan taqdimotlar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga oid uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirning mazmunli va samarali tashkil etilishida Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi (DEISC) koordinatori, dotsent G‘ozal Eshchanovaning moderator sifatidagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etdi. Forum davomida sessiyalar izchil olib borilib, ma’ruzachilar va ishtirokchilar o‘rtasida samarali muloqot hamda tajriba almashinuvi uchun qulay muhit yaratildi.

Koreyalik ekspertning maxsus ma’ruzasi

Forumning asosiy tadbirlaridan biri koreyalik ta’lim eksperti, professor Myungsook Choi tomonidan o‘tkazilgan maxsus ma’ruza bo‘ldi. Ma’ruza “Texnikum o‘qituvchilarining raqamli va sun’iy intellekt kompetensiyalarini mustahkamlash uchun pedagogik qo‘llab-quvvatlash strategiyalari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Unda kasbiy ta’lim pedagoglarining raqamli savodxonligini oshirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ta’lim jarayonida samarali foydalanish va zamonaviy texnologiyalar asosida o‘qitish metodlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzadan so‘ng ishtirokchilar bilan savol-javob va muhokamalar tashkil etilib, pedagogik faoliyatda raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Texnikumlarning ilg‘or tajribalari taqdim etildi

Forum dasturining navbatdagi qismida kasbiy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Dastlab, Samarqand shahridagi 4-son xalqaro texnikum direktori Ismoil Ergashev taqdimot bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida Keymyung Kollej Universiteti bilan 10 yil davomida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, ushbu hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar va kasbiy ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikning ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va pedagogik faoliyatni takomillashtirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Taqdimot O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi uzoq yillik ta’lim hamkorligining amaliy natijalarini namoyon etib, kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Energetika fakultetining “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi mudiri, dotsent Rustam Baratov tomonidan ilg‘or tajribalar taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur taqdimotlar davomida ishtirokchilar kasbiy ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va zamonaviy o‘qitish usullarini keng joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Savol-javoblar esa o‘zaro fikr almashish va yangi g‘oyalarni ilgari surish uchun imkoniyat yaratdi.

Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari

Forumning yakuniy qismida kun davomida muhokama qilingan masalalar umumlashtirilib, talabalar almashinuvini rivojlantirish va O‘zbekiston–Koreya ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga e’tibor qaratildi.

Ikki kun davomida yuqori saviyada tashkil etilgan xalqaro forum kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Mazkur forum O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Forum yakunida tadbirda faol ishtirok etgan ma’ruzachilar va ishtirokchilar ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda faol ishtiroki uchun sertifikatlar bilan taqdirlandi. Sertifikatlar forum doirasida amalga oshirilgan tajriba almashinuvi va O‘zbekiston–Koreya ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning e’tirofi bo‘ldi.

 

“TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti dotsenti Go’zal Eshchanova ma’lumoti