Ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi kollaboratsiya

20.10.2026

#Ta`lim #Yangilik

«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish orqali raqobatbardosh, bilimli va zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida universitetning “Tillar” kafedrasi hamda Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetining “Til va adabiyot” kafedralari  o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda.

Mazkur hamkorlikning muhim huquqiy asosi sifatida 2025 yilning 2 oktyabr kuni ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida 1-son memorandum imzolangan edi. Ushbu hujjat ta’lim, ilmiy-pedagogik faoliyat, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligi, tajriba almashish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Memorandumda belgilangan hamkorlik yo‘nalishlarini amaliyotga tatbiq etish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish va ikki universitet o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni kengaytirish maqsadida 2026 yilning 12 oktyabridan joriy yilning 26 oktyabrigacha Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universiteti vakillari- kafedra mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent S.B. Baysembaeva hamda kafedra dotsenti A.N. Baytuova universitetimizga tashrif buyurishdi.  Ular tashrif davomida «Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)» ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun ma’ruzalar o‘qishdi.

Ma’ruzalar jarayonida talabalarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish hamda ta’lim jarayonida samarali pedagogik yondashuvlardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tajribaga asoslangan bunday mashg‘ulotlar bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirish, ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish va ta’lim olishga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, xorijiy professor-o‘qituvchilarning dars jarayonlarida ishtirok etishi talabalarga boshqa ta’lim muassasasining o‘quv-uslubiy tajribasi bilan tanishish, turli pedagogik yondashuvlarni qiyosiy o‘rganish va xalqaro akademik muhitda bilim olish imkonini berdi. Bu esa ta’lim jarayonining mazmunan boyishi, talabalarning muloqot madaniyati va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

2026 yil 19- oktyabr kuni universitetning filolog-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan «Oliy ta’limda o‘qitish sifatini oshirish: zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovatsion metodlar va samarali strategiyalar» mavzusidagi seminar-trening bo‘ldi.

Mazkur tadbirda “TIQXMMI” MTU Ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘i, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent N.M. Eshpo‘latov,  “Tillar” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Sh.A.Abdullaeva, Axmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universiteti kafedra mudiri, f.f.n., dotsent S.B.Baysembaeva, dotsent O.N.Baytuovalar  oliy ta’lim tizimida o‘qitish sifatini oshirish muammolariga bag‘ishlangan masalalarni yoritishdi. Shuningdek,  seminar-treningda pedagogik faoliyatga innovatsion metodlarni tatbiq etish, o‘quv jarayonini samarali tashkil qilish va professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yanada rivojlantirish masalalari yoritildi.

“TIQXMMI” MTU Ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘i, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent N.M. Eshpo‘latov so‘zga chiqib, oliy ta’limda o‘qitish sifati, zamonaviy talablar va ustuvor yo‘nalishlar xaqida  fikr bildirdi.

Seminar-trening davomida zamonaviy ta’lim muhitida o‘qituvchining o‘rni, talabalarga yo‘naltirilgan ta’lim tamoyillari, interaktiv o‘qitish usullari, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, talabalarning mustaqil va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ta’lim natijadorligini oshirish, o‘quv mashg‘ulotlarini maqsadli rejalashtirish, talabalar bilimini baholashning samarali usullarini qo‘llash hamda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik strategiyalardan foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirning amaliy ahamiyati shundaki, u filolog-o‘qituvchilar uchun o‘z pedagogik tajribalarini qayta ko‘rib chiqish, yangi metodik yondashuvlarni o‘rganish va ularni ta’lim amaliyotida qo‘llash imkonini yaratdi. Shuningdek, seminar-trening o‘zaro tajriba almashish, kasbiy muloqotni rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi g‘oyalarni shakllantirish uchun samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi. Bunday tadbirlar professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirish bilan bir qatorda, ta’lim muassasalari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, pedagogik faoliyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va ularning yechimlarini birgalikda izlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Ushbu tashrif nafaqat talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki universitet professor-o‘qituvchilari o‘rtasida ilmiy-pedagogik muloqotni kuchaytirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘rganish va o‘quv jarayonini takomillashtirish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. Qolaversa, bunday uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning ta’lim sohasidagi ifodasi bo‘lib, qardosh xalqlarning ilmiy va ma’naviy salohiyatini birlashtirishga xizmat qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, amalga oshirilayotgan kollaborativ hamkorlik kelgusida yangi qo‘shma tashabbuslar, ilmiy-uslubiy tadbirlar, akademik almashinuv dasturlari va ta’lim sohasidagi istiqbolli loyihalar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur tashrif ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi, o‘zaro ishonch va kasbiy muloqotni mustahkamlashi hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi istiqbolli maqsadlarga erishishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.


“TIQXMMI” MTU “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi Malohat Koshnazarova axboroti