Toshkentda O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumi bo‘lib o‘tdi

20.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

2026-yil 19–20-oktabr kunlari Toshkent shahridagi Rich Park mehmonxonasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Keymyung Kollej Universiteti xamkorligida “Ta’lim innovatsiyalaridan kelajakdagi hamkorlik sari” (From Teaching Innovation to Future Cooperation) mavzusida O‘zbekiston–Koreya ta’lim innovatsiyalari forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda Koreya Respublikasining Keymyung Kollej Universiteti professorlari va vakillari, O‘zbekistonning texnikum direktorlari, kasbiy ta’lim sohasi vakillari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar. Tadbir davomida kasbiy ta’limni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish, innovatsion ta’lim yondashuvlarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Forum sessiyalariga DEISC markazi koordinatori, dotsent G‘ozal Eshchanova moderatorlik qildi.

Tadbirning ochilish marosimida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Xudayarov Baxtiyor Alimovich kirish so‘zi bilan ishtirokchilarni qutladi. O‘z nutqida professor ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, prorektor LUPIC loyihasi doirasida universitet xuzuridagi Mexatronika Texnikumi va Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi (DEISC) faoliyati, yozgi maktab dasturi va akademik almashinuv doirasidagi hamkorlikning ahamiyatini keng yoritib berdi. Xususan, Keymyung Kollej Universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, universitet professor-o‘qituvchilarining mazkur oliy ta’lim muassasasida o‘tayotgan amaliyotlari hamda GSL dasturi g‘oliblarining yutuqlari ta’lim sohasidagi xalqaro tajriba almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Mazkur xalqaro forum LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) loyihasi doirasida Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi (DEISC) koordinatori, dotsent G‘ozal Eshchanova va markaz assistenti Aziz Nigmatov va Janubiy Koreyalik xamkorlarimiz tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi.

Forum O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda pedagoglarning kasbiy salohiyatini mustahkamlashga qaratildi.

Keymyung Kollej Universiteti prezidenti Seungho Park “4P modeli orqali O‘zbekiston texnikumlarining kelajagini ochish” (Unlocking the Future of Uzbekistan’s Technikums with the 4Ps) mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi. Taqdimotda O‘zbekistonda kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish, texnikumlar faoliyatini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, 4P modeli asosida kasbiy ta’lim samaradorligini oshirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash imkoniyatlari yoritildi. Taqdimot O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda ularni mahalliy ta’lim tizimiga tatbiq etish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim zamin yaratdi.

Professor Sungha Lee LUPIC ta’lim salohiyatini rivojlantirish dasturining asosiy natijalari va erishilgan yutuqlariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan qatnashdi. Ma’ruzada kasbiy ta’lim muassasalarining salohiyatini oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etishning ahamiyati yoritildi. Professor, shuningdek, forum doirasida texnikum o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini samimiy qutlab, ularni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi va pedagoglarning tashabbuskorligi hamda kasbiy mahoratini e’tirof etdi. Ushbu ma’ruza kasbiy ta’lim sifatini oshirishda pedagoglar salohiyati, tajriba almashinuvi va xalqaro hamkorlikning muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti professori Murodullo Xolmuhammedov “O‘zbekiston–Koreya xalqaro forumi: kasbiy ta’lim va inson imkoniyatlarini kapitallashtirish” mavzusida taqdimot qildi. Unda inson kapitalini rivojlantirish, kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni zamonaviy iqtisodiyot ehtiyojlariga muvofiqlashtirish hamda kasbiy ta’limning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rnini kuchaytirish masalalari ko‘tarildi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash orqali malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Taqdimot kasbiy ta’limni nafaqat bilim berish, balki inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Raqamli ta’limni rivojlantirish markazining bosh mutaxassisi PhD Nilufar Begibayeva “O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish: Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi nigohida” mavzusida ma’ruza qildi. Taqdimotda ta’lim jarayoniga raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini integratsiya qilish, o‘qitish samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yoritildi.  Shuningdek, raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish, pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini mustahkamlash va innovatsion vositalardan samarali foydalanish orqali ta’lim sifatini yaxshilash istiqbollariga e’tibor qaratildi. Ma’ruza raqamli transformatsiya sharoitida ta’lim muassasalarining yangi talablarga moslashuvi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan maqsadli foydalanish muhimligini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bilim va malakalarni baholash agentligi vakili Nasimbek Lutfiyev “O‘zbekistonda ta’limni baholash, kompetensiyalar va sertifikatlash: bugungi holat va kelajakdagi yo‘nalishlar” mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi. Taqdimotda ta’lim natijalarini xolis va ishonchli baholash, o‘quvchilarning bilimlari bilan bir qatorda amaliy kompetensiyalarini aniqlash hamda baholash tizimlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, kompetensiyalarni baholash va sertifikatlash mexanizmlarini rivojlantirish, malakalarni tan olish hamda ta’lim natijalarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishning ahamiyati ta’kidlandi. Ushbu taqdimot ta’lim sifati va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlashda shaffof baholash tizimlari, aniq kompetensiya mezonlari va ishonchli sertifikatlash mexanizmlarining dolzarbligini ochib berdi.

Volontyor talabalar faol ishtirok etishdi

Forumni tashkil etish va uning yuqori saviyada o‘tkazilishida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot fakulteti Filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishi talabalari volontyor sifatida faol ishtirok etdilar.

Jumladan, 246-guruh talabalari Madaminova Sevara, Masharipova Shirin, Pirjanova Orazgul va Bayramlurdyyeva Nurjahan; 244-guruh talabalari Yusupova Arzuv, Rozmetov Xayrulla va Begenjov Jeyxun; 243-guruh talabasi Amandgeldiyeva Mehribanlar tadbirning tashkiliy ishlariga ko‘maklashdilar.

Volontyor talabalar mehmonlarni kutib olish, ishtirokchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va tashkiliy jarayonlarda yordam berish orqali forumning muvaffaqiyatli o‘tishiga munosib hissa qo‘shdilar. Ushbu tajriba talabalarning muloqot qilish, jamoada ishlash va tashkiliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

Forum yakunida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur xalqaro forum dasturining birinchi kuni o’z ichiga ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni almashish va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish kabi maqsadlarga erishish yo’lida muhim qadam bo‘ldi.