Fanlararo xalqaro ilg‘or texnologiyalar fakultetida dars jarayoni boshlandi
20.10.2026
Xitoy Xalq Respublikasining Szilin provinsiyasida joylashgan Changchun texnologiya universiteti bazasida tashkil etilgan universitetimizning Fanlararo xalqaro ilg‘or texnologiyalar fakultetiga qabul qilingan talabalar uchun 2026/2027 o‘quv yili bo‘yicha dars jarayoni boshlandi. Ta’lim jarayoniga universitetimizning malakali professor-o‘qituvchilari jalb etilgan. Jumladan, professor Z. Eshquvvatov va dotsent A. Abdullayev tomonidan amaliy matematika fanlari bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Mashg‘ulotlarda talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, matematik modellashtirish, hisoblash usullari va amaliy masalalarni yechish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fakultet faoliyati doirasida zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish, nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalari uchun zarur bo‘lgan fundamental bilimlarni shakllantirishga ustuvor ahamiyat beriladi. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilarining xalqaro ta’lim jarayonlarida ishtirok etishi ularning kasbiy tajribasini boyitish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish va akademik hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratilmoqda.
Mazkur fakultetning tashkil etilishi universitetimizning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda mexanika, elektronika, sun’iy intellekt va statistika kabi istiqbolli sohalarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Kelgusida fakultet faoliyatini izchil rivojlantirish, ta’lim dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash orqali xalqaro ta’lim va ilm-fan integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.