Universitetimiz olimlarining muhim ilmiy tadqiqoti nufuzli Q1 jurnalida e’lon qilindi
16.10.2026
“TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti olimlari tomonidan iqlim o‘zgarishi, suv
tanqisligi va tuproq sho‘rlanishi kabi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy
tadqiqot natijalari xalqaro miqyosda e’tirof etildi.
Universitetimiz
olimi Bahodir Amonov boshchiligidagi xalqaro ilmiy jamoaning “An
integrated framework for agroclimatic, salinity, and groundwater assessment in
the Jizzakh Region, Uzbekistan” (O‘zbekistonning Jizzax viloyatida agroiqlim
sharoitlari, tuproq sho‘rlanishi va yer osti suvlari holatini kompleks baholash
tizimi) nomli ilmiy maqolasi Elsevier nashriyotining nufuzli iScience
jurnalida e’lon qilindi.
iScience — Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslanadigan, Q1
toifasiga mansub, dunyoga mashhur Cell Press ilmiy nashrlar oilasiga
kiruvchi jurnaldir.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi
Bugungi
kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri
— iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish,
sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda tuproq
sho‘rlanishining oldini olishdir.
Mazkur
tadqiqotda ushbu muammolarni o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida baholashga
imkon beruvchi 14 ta agroiqlim, tuproq va yer osti suvlari ko‘rsatkichini
birlashtirgan kompleks ilmiy baholash metodologiyasi ishlab chiqilgan.
Tadqiqot
doirasida Jizzax viloyatining sug‘oriladigan hududlarida 2021–2024-yillar
davomida kuzatilgan agroiqlim sharoitlari, yer osti suvlari sathi va
minerallashuvi, tuproq sho‘rlanishi, suv-tuz balansi hamda yerlarning biologik
mahsuldorlik salohiyati chuqur tahlil qilingan.
Ishlab
chiqilgan yagona balli baholash tizimi hududlarning agroekologik holatini
qiyosiy baholash, xavf darajasi yuqori bo‘lgan maydonlarni aniqlash va yer-suv
resurslarini boshqarish bo‘yicha ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish
imkonini beradi.
Tadqiqotning asosiy natijalari
Ilmiy
izlanishlar natijasida Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga
ta’sir ko‘rsatuvchi muhim agroiqlim va gidrogeologik omillar aniqlangan.
Xususan,
vegetatsiya davrida yuqori bug‘lanish talabi, namlik yetishmovchiligi va
qurg‘oqchilik xavfi sug‘oriladigan dehqonchilikning barqarorligiga sezilarli
ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan asoslangan.
Yer osti
suvlarining minerallashuv darajasi ko‘plab hududlarda 1–3 g/l oralig‘ida
ekanligi, yer osti suvlari sathi sayoz bo‘lgan maydonlarda esa tuproqning
ikkilamchi sho‘rlanish xavfi saqlanib qolayotgani aniqlangan.
Shuningdek,
2024-yilda viloyat sug‘oriladigan yerlarining 71,4 foizida turli darajadagi
sho‘rlanish mavjudligi qayd etilgan.
Kompleks
baholash natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan hududlarning aksariyati 2021-yilda
qoniqarsiz, 2022–2024-yillarda esa qoniqarli toifaga kiritilgan. Zafarobod va
ayrim yillarda Sharof Rashidov tumanlarida nisbatan past natijalar kuzatilgan.
Ilmiy natijalarning amaliy ahamiyati
Tadqiqotning
muhim jihati — ishlab chiqilgan metodologiyaning bevosita amaliyotda qo‘llash
imkoniyatidir.
Taklif etilgan yondashuv:
- sug‘oriladigan yerlarning agroekologik va
meliorativ holatini kompleks baholash;
- tuproq sho‘rlanishi va yer osti suvlari bilan
bog‘liq xavfli hududlarni aniqlash;
- suv resurslarini samarali boshqarish va sug‘orish
rejimlarini takomillashtirish;
- melioratsiya va drenaj tadbirlarini ilmiy asosda
rejalashtirish;
- iqlim o‘zgarishiga moslashgan barqaror qishloq
xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Mazkur
metodologiya nafaqat Jizzax viloyati, balki O‘zbekistonning boshqa
sug‘oriladigan hududlari hamda Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil va yarim
qurg‘oqchil mintaqalari sharoitlariga ham moslashtirilishi mumkin.
Mazkur ilmiy
maqola “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Italiyaning Padova
universiteti (University of Padova) olimlari hamkorligida tayyorlangan.
Maqola
mualliflari: B. Amanov, A. Ghirardelli, A. Sherov, A.
Gafarova, D. Gulomov va P. Tarolli.
Universitet
jamoasi Bahodir Amonov boshchiligidagi mualliflar jamoasini ushbu ilmiy yutuq
bilan samimiy tabriklaydi va kelgusi ilmiy faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar
tilaydi!
Jurnal: iScience (Elsevier, Cell Press)
Maqola: An integrated framework for agroclimatic, salinity, and groundwater
assessment in the Jizzakh Region, Uzbekistan
Nashr: Volume 29, Article 117582 (2026)
Maqola havolasi: https://doi.org/10.1016/j.isci.2026.117582