Universitetimiz olimlarining muhim ilmiy tadqiqoti nufuzli Q1 jurnalida e’lon qilindi

16.10.2026

#Tadqiqotlar

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti olimlari tomonidan iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishi kabi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot natijalari xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Universitetimiz olimi Bahodir Amonov boshchiligidagi xalqaro ilmiy jamoaning “An integrated framework for agroclimatic, salinity, and groundwater assessment in the Jizzakh Region, Uzbekistan” (O‘zbekistonning Jizzax viloyatida agroiqlim sharoitlari, tuproq sho‘rlanishi va yer osti suvlari holatini kompleks baholash tizimi) nomli ilmiy maqolasi Elsevier nashriyotining nufuzli iScience jurnalida e’lon qilindi.

iScience — Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslanadigan, Q1 toifasiga mansub, dunyoga mashhur Cell Press ilmiy nashrlar oilasiga kiruvchi jurnaldir.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

Bugungi kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri — iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda tuproq sho‘rlanishining oldini olishdir.

Mazkur tadqiqotda ushbu muammolarni o‘zaro bog‘liq jarayonlar sifatida baholashga imkon beruvchi 14 ta agroiqlim, tuproq va yer osti suvlari ko‘rsatkichini birlashtirgan kompleks ilmiy baholash metodologiyasi ishlab chiqilgan.

Tadqiqot doirasida Jizzax viloyatining sug‘oriladigan hududlarida 2021–2024-yillar davomida kuzatilgan agroiqlim sharoitlari, yer osti suvlari sathi va minerallashuvi, tuproq sho‘rlanishi, suv-tuz balansi hamda yerlarning biologik mahsuldorlik salohiyati chuqur tahlil qilingan.

Ishlab chiqilgan yagona balli baholash tizimi hududlarning agroekologik holatini qiyosiy baholash, xavf darajasi yuqori bo‘lgan maydonlarni aniqlash va yer-suv resurslarini boshqarish bo‘yicha ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Tadqiqotning asosiy natijalari

Ilmiy izlanishlar natijasida Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim agroiqlim va gidrogeologik omillar aniqlangan.

Xususan, vegetatsiya davrida yuqori bug‘lanish talabi, namlik yetishmovchiligi va qurg‘oqchilik xavfi sug‘oriladigan dehqonchilikning barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan asoslangan.

Yer osti suvlarining minerallashuv darajasi ko‘plab hududlarda 1–3 g/l oralig‘ida ekanligi, yer osti suvlari sathi sayoz bo‘lgan maydonlarda esa tuproqning ikkilamchi sho‘rlanish xavfi saqlanib qolayotgani aniqlangan.

Shuningdek, 2024-yilda viloyat sug‘oriladigan yerlarining 71,4 foizida turli darajadagi sho‘rlanish mavjudligi qayd etilgan.

Kompleks baholash natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan hududlarning aksariyati 2021-yilda qoniqarsiz, 2022–2024-yillarda esa qoniqarli toifaga kiritilgan. Zafarobod va ayrim yillarda Sharof Rashidov tumanlarida nisbatan past natijalar kuzatilgan.

Ilmiy natijalarning amaliy ahamiyati

Tadqiqotning muhim jihati — ishlab chiqilgan metodologiyaning bevosita amaliyotda qo‘llash imkoniyatidir.

Taklif etilgan yondashuv:

  • sug‘oriladigan yerlarning agroekologik va meliorativ holatini kompleks baholash;
  • tuproq sho‘rlanishi va yer osti suvlari bilan bog‘liq xavfli hududlarni aniqlash;
  • suv resurslarini samarali boshqarish va sug‘orish rejimlarini takomillashtirish;
  • melioratsiya va drenaj tadbirlarini ilmiy asosda rejalashtirish;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashgan barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Mazkur metodologiya nafaqat Jizzax viloyati, balki O‘zbekistonning boshqa sug‘oriladigan hududlari hamda Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil mintaqalari sharoitlariga ham moslashtirilishi mumkin.

Mazkur ilmiy maqola “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Italiyaning Padova universiteti (University of Padova) olimlari hamkorligida tayyorlangan.

Maqola mualliflari: B. Amanov, A. Ghirardelli, A. Sherov, A. Gafarova, D. Gulomov va P. Tarolli.

Universitet jamoasi Bahodir Amonov boshchiligidagi mualliflar jamoasini ushbu ilmiy yutuq bilan samimiy tabriklaydi va kelgusi ilmiy faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaydi!

Jurnal: iScience (Elsevier, Cell Press)

Maqola: An integrated framework for agroclimatic, salinity, and groundwater assessment in the Jizzakh Region, Uzbekistan

Nashr: Volume 29, Article 117582 (2026)

Maqola havolasi: https://doi.org/10.1016/j.isci.2026.117582