Ta’lim sifati va ilmiy-pedagogik hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi kolloboratsiya

16.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish hamda akademik mobillikni kengaytirish oliy ta’lim muassasalari oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, ma’naviy va madaniy yaqinlikka asoslangan hamkorlik aloqalari ta’lim va ilm-fan sohalarida yangi imkoniyatlar yaratib, o‘zaro tajriba almashish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.  Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining “Tillar” kafedrasi hamda Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetining “Til va adabiyot” kafedralari  o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Memorandumda belgilangan hamkorlik yo‘nalishlarini amaliyotga tatbiq etish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish va ikki universitet o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni kengaytirish maqsadida 2026 yil 12–26 oktyabr kunlari Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari universitetimizda mehmon bo‘lishdi. Tashrif doirasida mazkur universitet kafedra mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent S.B. Baysembaeva hamda kafedra dotsenti O.N. Baytuova universitetimizning «Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)» ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun ma’ruzalar tashkil etdilar. Mazkur mashg‘ulotlar talabalarning nazariy bilimlarini boyitish, filologiya sohasidagi zamonaviy ilmiy qarashlar bilan tanishtirish, til o‘qitish metodikasiga oid bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.

2026 yil 16 oktyabr kuni universitetning filolog-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan «Oliy ta’limda o‘qitish sifatini oshirish: zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovatsion metodlar va samarali strategiyalar» mavzusidagi seminar-trening bo‘ldi.

Mazkur tadbirda “TIQXMMI” MTU Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent N.M. Eshpo‘latov,  “Tillar” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Sh.A.Abdullaeva, Axmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universiteti kafedra mudiri, f.f.n., dotsent S.B.Baysembaeva, dotsent O.N.Baytuovalar  oliy ta’lim tizimida o‘qitish sifatini oshirish muammolariga bag‘ishlangan masalalarni yoritishdi. Shuningdek,  seminar-treningda pedagogik faoliyatga innovatsion metodlarni tatbiq etish, o‘quv jarayonini samarali tashkil qilish va professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yanada rivojlantirish masalalari yoritildi.

TIQXMMI” MTU Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent N.M. Eshpo‘latov so‘zga chiqib, oliy ta’limda o‘qitish sifati, zamonaviy talablar va ustuvor yo‘nalishlar xaqida  fikr bildirdi.

Seminar-trening davomida zamonaviy ta’lim muhitida o‘qituvchining o‘rni, talabalarga yo‘naltirilgan ta’lim tamoyillari, interaktiv o‘qitish usullari, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, talabalarning mustaqil va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ta’lim natijadorligini oshirish, o‘quv mashg‘ulotlarini maqsadli rejalashtirish, talabalar bilimini baholashning samarali usullarini qo‘llash hamda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik strategiyalardan foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirning amaliy ahamiyati shundaki, u filolog-o‘qituvchilar uchun o‘z pedagogik tajribalarini qayta ko‘rib chiqish, yangi metodik yondashuvlarni o‘rganish va ularni ta’lim amaliyotida qo‘llash imkonini yaratdi. Shuningdek, seminar-trening o‘zaro tajriba almashish, kasbiy muloqotni rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi g‘oyalarni shakllantirish uchun samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Bunday tadbirlar professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirish bilan bir qatorda, ta’lim muassasalari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, pedagogik faoliyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va ularning yechimlarini birgalikda izlashda ham muhim o‘rin tutadi.