Xalqaro hamkorlik: Turkiya universitetlari bilan ta’lim va ilmiy aloqalar yangi bosqichda
16.10.2026
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ta’lim va turizm sohalarida yangi imkoniyatlarni yaratish borasida muhim uchrashuvlar tashkil etildi.
Tashrif doirasida “Elektrotexnika va mexatronika” kafedrasi professor-o‘qituvchilar Selchuk universitetining birinchi prorektori Zeki Bayramoğlu bilan uchrashdilar. Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi va professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish metodikasi, sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish hamda boshqa fanlarni o‘qitishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz Ali Qushchi va Ahmad Yassaviylarning ilm-fan va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida Kapadokiya hududidagi Uçhisar shaharchasi hokimi Abdullah ÇAMCI bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda turizm sohasini rivojlantirish, tajriba almashish, hududlarning turistik salohiyatini keng targ‘ib etish hamda universitet va Uçhisar shaharchasi hokimligi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turizm sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Nevşehir Hacı Bektaş Veli universitetining Elektr va elektronika muhandisligi fakulteti dekani, professor Ersan Kabalcılar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlari, talabalar almashinuvi, akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuvlar universitetimizning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, talabalar uchun xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini rivojlantirish, ilmiy va akademik aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.