Koreya go‘zallik san’ati bo‘yicha mahorat kursi tashkil etildi

15.10.2026

#Yangilik #Ma`naviy va tashkiliy

Joriy yilning 14 oktaybr sanasida “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universitetining DEISC markazida markaz koordinatori Go‘zal Eshchanova tashabbusi bilan Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan LUPIC xalqaro loyihasi doirasida go‘zallik sanoatining zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan amaliy mahorat kursi tashkil etildi.

Mahorat kursi darslari uchta asosiy yo‘nalishni - manikyur, soch turmaklash va yuz makiyajini qamrab oldi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga tirnoqlarga ishlov berish va ularni estetik bezash, zamonaviy soch turmaklarini yaratish hamda yuzga kundalik va bayramona makiyaj qilish usullari namoyish etildi. Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida sochlar turmaklandi, yuz makiyaji bajarildi va manikyur bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Universitetning “Filologiya va tillarni o‘qitish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-qizlari mahorat kursi darslarida faol qatnashib, go‘zallik va estetik parvarishning zamonaviy usullarini o‘rganishga katta qiziqish bildirdilar.

Mashg‘ulotlarda foydalanilgan barcha kosmetik vositalar va mahsulotlar Koreyada ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu ishtirokchilarga Koreya go‘zallik sanoati mahsulotlari va amaliy yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Tadbirda universitet psixologi Dilafruz Yusupova hamda universitet dotsenti Zulfiya Xafizova ham ishtirok etdilar.

Mazkur tashabbus talaba-qizlarning yangi amaliy ko‘nikmalarni egallashi, estetik didi va ijodkorligini rivojlantirishi hamda Koreya go‘zallik sanoati tajribasi bilan tanishishiga xizmat qildi. Shuningdek, ushbu tadbir LUPIC xalqaro loyihasi doirasida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda talaba-yoshlar uchun yangi amaliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.