Olmaotadagi filialda o‘quv va ilmiy faoliyat holati o‘rganildi
10.10.2026
Joriy yilning 7–9-oktyabr kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shuhrat Shokirov xizmat safari bilan Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib, Qozog‘iston milliy agrar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan universitet filialining o‘quv va ilmiy faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida filialda ta’lim sifatini ta’minlash, o‘quv jarayonini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, universitetning Toshkentdagi bosh kampusidan filialga dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun yuborilgan dotsent Dilmurat Adjimuratovning darslari kuzatilib, talabalar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida ularning ta’lim jarayoni yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.
Shuningdek, joriy yilda doktoranturaga qabul qilingan ikki nafar doktorantning ilmiy-tadqiqot rejalari, izlanishlarining borishi va belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi. Tadqiqotlar samaradorligini oshirish, doktorantlarga universitet bosh kampusidagi professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va tajribasidan keng foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Xizmat safari doirasida Qozog‘iston milliy agrar universitetining birinchi prorektori Pirimqul Ibragimov boshchiligidagi ilmiy ishlar bo‘yicha boshqarma rahbari va vakillari, shuningdek, filial direktori Abdurahim Berdishev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida filial professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilarini ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion loyihalarga keng jalb etish, universitetlar o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, filialni zarur o‘quv adabiyotlari va metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Muhokamalar yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli kelishuvlarga erishildi.