Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatini o‘rganildi
10.10.2026
2026-yil 9-oktyabr kuni Axborot-resurs markazi direktori M. Yaxyayev, Qurilish muhandisligi kafedrasi dotsenti, DSc I. Qodirov hamda Traktorlar va avtomobillar kafedrasi dotsenti U. Qo‘ziyevlardan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad universitetning ta’lim, ilm-fan va innovatsion faoliyatini tashkil etish tajribasini o‘rganish, zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar faoliyati, ulardagi mavjud texnik jihozlardan samarali foydalanish mexanizmlari bilan tanishish, shuningdek, Axborot-resurs markazi faoliyatini tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi.
O‘rganish natijalari asosida universitetda zamonaviy ta’lim talablariga mos ravishda elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va diagnostika qilish bo‘yicha o‘quv-amaliy laboratoriyani tashkil etish istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Mazkur laboratoriyani tashkil etish orqali talabalarning elektromobillar tuzilishi, ularning elektron boshqaruv tizimlari, texnik diagnostika usullari va zamonaviy texnik xizmat ko‘rsatish texnologiyalari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, laboratoriya salohiyatidan ilmiy-tadqiqot ishlari, amaliy loyihalar va tegishli mutaxassislar malakasini oshirish jarayonlarida foydalanish mumkin.
Shuningdek, qurilish muhandisligi yo‘nalishidagi laboratoriyani tashkil etish yoki mavjud laboratoriyalarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb topildi. Bunda qurilish materiallarining fizik-mexanik xususiyatlarini aniqlash, ularning mustahkamligi va sifat ko‘rsatkichlarini sinovdan o‘tkazish, zamonaviy qurilish texnologiyalarini o‘rganish hamda gidrotexnika inshootlarining ishonchliligi va ekspluatatsion xususiyatlarini baholashga qaratilgan amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif doirasida Axborot-resurs markazi faoliyati ham o‘rganilib, fondlarni shakllantirish va boyitish, o‘quv hamda ilmiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlari, axborot-kutubxona xizmatlarini tashkil etish, elektron resurslardan foydalanish va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirish o‘rganildi.