Abdulhamid Cho‘lponning serqirra ijodiy merosi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining “Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)” ta'lim yo‘nalishida chuqur tadqiq qilinmoqda
09.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” 2024 yil 19 iyuldagi PQ-270-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, siyosiy qatag‘on qurbonlarining boy ilmiy-ma'naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod ongiga milliy tarix va adabiyotga daxldorlik tuyg‘usini singdirish maqsadida qator ma'rifiy-ma'naviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, iste'dodli shoir, adib, tarjimon va jadid ma'rifatparvari Abdulhamid So‘laymon o‘g‘li Cho‘lpon xotirasiga bag‘ishlangan “Sarchashma” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma'naviy-ma'rifiy tadbirda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining “Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)” ta'lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari faol ishtirok etdilar.
Taqdimot yuqori ilmiy-metodik saviyada tashkil etilib, unda Cho‘lponning murakkab va fojiali hayot yo‘li, ijodiy merosi, milliy adabiyot taraqqiyotida tutgan o‘rni, jadidchilik harakati va milliy uyg‘onish jarayonlaridagi ma'naviy-ma'rifiy faoliyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir davomida “Sarchashma” kitobining ilmiy-ma'rifiy qimmati, unda aks etgan tarixiy-adabiy materiallarning Cho‘lpon shaxsiyati va ijodini yanada chuqurroq anglashdagi ahamiyati xususida mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, adib asarlarida milliy o‘zlikni anglash, erkinlik va ma'rifat g‘oyalari, inson qadri, vatanparvarlik va milliy ruh masalalarining badiiy-falsafiy talqiniga alohida e'tibor qaratildi.
Cho‘lpon ijodi nafaqat o‘zbek adabiyoti tarixining muhim tarkibiy qismi, balki milliy tafakkur va ma'naviy o‘zlikni anglash jarayonini tadqiq etishda muhim ilmiy manba sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, uning adabiy merosini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish talabalarning tarixiy xotirasi, adabiy-estetik didi va ilmiy-tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbirda so‘zga
chiqqan mutaxassislar tomonidan Cho‘lpon merosini zamonaviy adabiyotshunoslik
va tilshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganishning dolzarb masalalari, uning
asarlarini ilmiy-tadqiqiy jihatdan tahlil qilish, shoir ijodining milliy va
umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un jihatlari xususida fikrlar bildirildi.
Shuningdek,
talabalar uchun mazkur tadbir badiiy asarni faqat estetik hodisa sifatida emas,
balki muayyan tarixiy davr, ijtimoiy-madaniy muhit va milliy tafakkur bilan
uzviy bog‘liq yaxlit ma'naviy fenomen sifatida anglash imkonini berdi. Tadbir
jarayonida talabalarning savol-javoblarda ishtirok etishi, o‘z fikr va
mulohazalarini bayon qilishi ularning ilmiy-tanqidiy tafakkurini rivojlantirish
nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ma'rifiy
uchrashuv yakunida Abdulhamid Cho‘lponning serqirra ijodiy merosini izchil
o‘rganish, uning asarlarini yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy
adabiyot tarixining fojiali va murakkab sahifalarini xolisona tadqiq etish
hamda tarixiy xotirani asrab-avaylash borasidagi ishlarni davom ettirish
zarurligi ta'kidlandi.
Shu kabi
ilmiy-ma'rifiy tadbirlar talabalarning kasbiy va ma'naviy salohiyatini
yuksaltirish, milliy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tarixiy xotira va
milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni ilmiy
izlanish va mustaqil fikrlashga yo‘naltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
“TIQXMMI” MTU, “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi M. Solieva axboroti