Davlat stipendiyalariga talabgorlar respublika bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda
09.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2008-yil 13-oktabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy
rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar tanlovning
respublika bosqichida o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadilar.
Mazkur bosqichda talabgorlarning O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar
bo‘yicha bilim darajasi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan
hududlar kesimida tashkil etiladigan maxsus test sinovlari orqali baholanadi.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida davlat
stipendiyalarining respublika bosqichida munosib ishtirok etish va yuqori
natijalarga erishish uchun talabgorlarni tizimli hamda maqsadli tayyorlashga
alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda universitetda talabgorlar uchun
maxsus tayyorgarlik kurslari tashkil etilib, fanlar bo‘yicha nazariy bilimlarni
mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda test sinovlariga
samarali tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Xususan, 2026/2027-o‘quv yili davlat stipendiyalari
tanlovining respublika bosqichiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston tarixi
hamda axborot texnologiyalari fanlaridan ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan
test savollari tuziladigan dasturlar asosida mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida talabgorlarning bilim darajasi muntazam tahlil qilinib,
aniqlangan bo‘shliqlarni bartaraf etish, test topshiriqlarini tezkor va to‘g‘ri
ishlash, mantiqiy fikrlash hamda vaqtni samarali taqsimlash ko‘nikmalarini
rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xorijiy tillar bo‘yicha tayyorgarlik ham tanlov
talablaridan kelib chiqib tashkil etilmoqda. Jumladan, xorijiy tillar bo‘yicha
test topshiriqlari CEFR xalqaro mezonlari va talablari asosida
tuzilishi inobatga olinib, talabgorlarning xorijiy tilni tushunish, o‘qish,
grammatik va leksik bilimlari hamda til kompetensiyalarini rivojlantirishga
yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Tayyorgarlik jarayonida talabgorlarning bilimini
muntazam baholab borish, fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish darajasini aniqlash va
individual yondashuv asosida ishlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu esa har bir
talabgorning o‘z bilim va salohiyatini yanada rivojlantirishi, respublika
bosqichida yuqori natija ko‘rsatishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot
uchun: Universitetda 2026/2027-o‘quv
yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari
tanlovining universitet bosqichida yuqori natijalarga erishgan 12 nafar talabgor tanlovning respublika
bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etilgan.
Universitet
ilmiy tuzilmasi axborti