Davlat stipendiyalariga talabgorlar respublika bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda

09.10.2026

#Ta`lim

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar tanlovning respublika bosqichida o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadilar.

Mazkur bosqichda talabgorlarning O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha bilim darajasi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hududlar kesimida tashkil etiladigan maxsus test sinovlari orqali baholanadi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida davlat stipendiyalarining respublika bosqichida munosib ishtirok etish va yuqori natijalarga erishish uchun talabgorlarni tizimli hamda maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda universitetda talabgorlar uchun maxsus tayyorgarlik kurslari tashkil etilib, fanlar bo‘yicha nazariy bilimlarni mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda test sinovlariga samarali tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Xususan, 2026/2027-o‘quv yili davlat stipendiyalari tanlovining respublika bosqichiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston tarixi hamda axborot texnologiyalari fanlaridan ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan test savollari tuziladigan dasturlar asosida mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida talabgorlarning bilim darajasi muntazam tahlil qilinib, aniqlangan bo‘shliqlarni bartaraf etish, test topshiriqlarini tezkor va to‘g‘ri ishlash, mantiqiy fikrlash hamda vaqtni samarali taqsimlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xorijiy tillar bo‘yicha tayyorgarlik ham tanlov talablaridan kelib chiqib tashkil etilmoqda. Jumladan, xorijiy tillar bo‘yicha test topshiriqlari CEFR  xalqaro mezonlari va talablari asosida tuzilishi inobatga olinib, talabgorlarning xorijiy tilni tushunish, o‘qish, grammatik va leksik bilimlari hamda til kompetensiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Tayyorgarlik jarayonida talabgorlarning bilimini muntazam baholab borish, fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish darajasini aniqlash va individual yondashuv asosida ishlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu esa har bir talabgorning o‘z bilim va salohiyatini yanada rivojlantirishi, respublika bosqichida yuqori natija ko‘rsatishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Universitetda 2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovining universitet bosqichida yuqori natijalarga erishgan 12 nafar talabgor tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etilgan.

 

Universitet ilmiy tuzilmasi axborti