“Startup klubi”da navbatdagi amaliy uchrashuv: talabalar uchun startap olamiga yangi imkoniyatlar.
08.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni istiqbolli startap loyihalariga aylantirish hamda real sektorga joriy etish mexanizmlarini rivojlantirish maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan “Startup klubi” faoliyati izchil davom ettirilmoqda.
Klubda “STARTUP GARAGE” bilan hamkorlikda navbatdagi amaliy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda mentor, bir qator startap loyihalar asoschisi, “STARTUP GARAGE” operatsion direktori Bashirjon Rabbimov ishtirok etdi.
Amaliy muloqotda universitetning ilmiy tuzilmalari vakillari, “Startup klubi” koordinatorlari, talabalar hamda ilmiy rahbarlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga startap tushunchasi, innovatsion g‘oyani amaliy loyihaga aylantirish bosqichlari, startapni shakllantirish va rivojlantirishning muhim jihatlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, istiqbolli g‘oyani aniqlash, muammoni to‘g‘ri belgilash, yechimni shakllantirish, biznes modelini ishlab chiqish va loyihani bozorga olib chiqish jarayonlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “STARTUP GARAGE”ning asosiy maqsad va vazifalari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, startap loyihalarni shakllantirish, rivojlantirish, moliyalashtirish va amaliyotga joriy etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Hozirda amalga oshirilayotgan istiqbolli startap loyihalari misolida ishtirokchilarga innovatsion g‘oyani loyihaga, loyihani esa real biznesga aylantirish jarayonlari tushuntirildi.
Tadbir davomida startap loyihaning rivojlanish bosqichlari, founderning asosiy vazifalari, jamoani shakllantirish, biznes modelini ishlab chiqish, investorlar bilan ishlash, investitsiya jalb qilish, loyihani tijoratlashtirish va bozorga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Uchrashuvning amaliy ahamiyatli jihatlaridan biri — talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga bevosita soha mutaxassisidan javob olish, o‘z g‘oyalari va loyihalari yuzasidan tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘lganidir.
Hamkorlik doirasida kelgusida “Startup klubi” a’zolari uchun pitching sessiyalari, startap forumlar, hackathon va ideathonlar, innovatsion seminarlar, treninglar hamda mentorlik dasturlarini muntazam tashkil etish, shuningdek, muvaffaqiyatli startap asoschilari, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida Bashirjon Rabbimov tomonidan ishtirokchilarga hamda universitetga startaplarni shakllantirish va rivojlantirishga oid, muallif Muhammad Xalil tomonidan yozilgan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
“Startup klubi” — g‘oyadan loyihaga, loyihadan esa amaliy natijaga olib boruvchi muhim maydon sifatida yosh innovatorlarni birlashtirishda davom etadi.
Universitet Ilmiy tuzilmasi axboroti.