Universitetimiz talabalari “Xalqaro ta’lim” ko‘rgazmasida ishtirok etishdi

07.10.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

2026-yil 6-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro ta’lim” ko‘rgazmasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Filologiya va tillarni o’qitish” ta’lim yo’nalishi 25-46 gurux talabalari “Iqtisodiyot” fakulteti, “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti Go’zal Eshchanova raxbarligida ishtirok etishdi.

AZIMUT Grand Hotel Tashkent mehmonxonasida tashkil etilgan mazkur xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida O‘zbekiston va dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga bakalavriat va magistratura dasturlari, 2027–2028-o‘quv yili uchun qabul talablari, xorijiy abituriyentlar uchun imkoniyatlar, stipendiya va grantlar hamda ta’limdan keyingi mehnat faoliyati istiqbollari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Ko‘rgazma doirasida qator taqdimot va mahorat darslari ham tashkil etildi. Jumladan, tadbirning dastlabki taqdimotlaridan biri “Current Trends in the Field of International English Language Tests: Factors Contributing to the Computerization of Exams in Uzbekistan” mavzusida Britaniya Kengashi tashkiloti vakillari tomonidan o‘tkazildi.

Shuningdek, Germaniyada tahsil olish va DAAD stipendiyalari, Germaniyaning Kunstschule Berlin san’at instituti imkoniyatlari, Saksoniya hududida ta’lim olish imkoniyatlari hamda Saksoniya - O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkil etildi.

Ko‘rgazmada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti talabalari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Ozarbayjon, Vengriya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Latviya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, O‘zbekiston, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya, Shveytsariya va boshqa mamlakatlarning universitetlari hamda ta’lim tashkilotlari vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ushbu tadbirdagi ishtirok barchaga xalqaro ta’lim imkoniyatlari, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish, grant va stipendiya dasturlari hamda kelgusidagi akademik va kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini berdi.

“Xalqaro ta’lim” ko‘rgazmasida ishtirok etish universitet talabalarining xalqaro dunyoqarashini kengaytirish, xorijiy ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish va o‘z akademik hamda kasbiy salohiyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.