Aniq qishloq xo‘jaligida tuproqni tahlil etish vositalari o‘rganildi

06.10.2026

#Ta`lim

2026-yil 6-oktabr kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida rektorning tegishli buyrug‘i asosida “Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi” fanidan ochiq dars tashkil etildi. Ochiq dars Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Raximov Yunus Sunnat o‘g‘li tomonidan “Aniq qishloq xo‘jaligida tuproqni tahlil etish vositalarini o‘rganish” mavzusida olib borildi. Ochiq dars V-bino 205-xonada Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishining 24-01-guruhi bilan o‘tkazilib, jarayon Zoom platformasi orqali onlayn kuzatish imkoniyati bilan tashkil etildi.

Ochiq darsning asosiy maqsadi — talabalarda tuproqning asosiy ko‘rsatkichlarini zamonaviy o‘lchov vositalari yordamida aniqlash, olingan ma’lumotlarni GNSS koordinatalari bilan bog‘lash va ushbu ma’lumotlardan aniq qishloq xo‘jaligida agrotexnik qarorlar qabul qilishda foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulot davomida talabalarga tuproqning namligi (VWC), elektr o‘tkazuvchanligi (EC), pH, NPK, harorati va zichligi kabi ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdagi ahamiyati tushuntirildi. Ayniqsa, dalaning barcha qismlarida tuproq xususiyatlari bir xil bo‘lmasligi va shu sababli butun maydonga bir xil miqdorda suv yoki o‘g‘it berish har doim ham samarali bo‘lmasligi muammoli vaziyat orqali yoritildi.

Ochiq darsning amaliy qismida FieldScout TDR 350 qurilmasidan foydalanib, tuproq namligi va elektr o‘tkazuvchanligini aniqlash prinsipi hamda qurilmaning ishlash ketma-ketligi namoyish etildi. Qurilma orqali olingan ma’lumotlarni GNSS koordinatalari bilan bog‘lash, saqlash va keyinchalik xaritalash imkoniyatlari ham ko‘rsatib berildi.

Ochiq darsning muhim jihatlaridan biri — talabalarning jarayonda bevosita ishtirok etganidir. Ular tuproqni o‘lchash nuqtalarini tanlash, qurilmani tuproqqa joylashtirish, o‘lchov natijalarini olish va ma’lumotlarni qayd etish jarayonlari bilan tanishdilar.

Talabalar tuproq xossalarini zamonaviy asboblaridan foydalanib aniqlash usullarini o‘zlashtirishni va tegishli ma’lumotlar olishni o‘rganishdi.