“Startaplar klubi” a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi

06.10.2026

#Ta`lim #Yangilik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-son qarori ijrosini ta’minlash, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni istiqbolli startap loyihalariga aylantirish hamda real sektorga joriy etish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

5-oktyabr kuni mazkur vazifalar ijrosi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 9-iyuldagi 287-sonli buyrug‘i hamda universitet rektorining 2026-yil 27-iyuldagi 233-a/f-sonli buyrug‘i asosida universitetda tashkil etilgan “Startaplar klubi” a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda innovatsion g‘oya va loyihalar ustida ish olib borayotgan klubning faol a’zolari universitet ilmiy tuzilmasi vakillari, klub koordinatorlari, mentorlar va ilmiy rahbarlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida “Startaplar klubi”ning asosiy maqsad va vazifalari, a’zolar uchun yaratiladigan imkoniyatlar, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish, loyihalarni shakllantirish va amaliyotga joriy etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayni paytda klub 50 nafar faol yoshni birlashtirgan bo‘lib, ular o‘z innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, istiqbolli startap loyihalarini shakllantirish va ularni real amaliyotga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Startaplar klubi” faoliyatining asosiy yo‘nalishi - yoshlarning g‘oyalarini aniqlash va saralashdan boshlab, ularni ilmiy-texnik jihatdan takomillashtirish, prototip yaratish, tajriba-sinovdan o‘tkazish, loyihani taqdim etish, moliyalashtirish va tijoratlashtirishgacha bo‘lgan yagona tizimni shakllantirishdan iborat.

Klub faoliyati doirasida “ehtiyoj – yechim” tamoyili asosida real sektor korxonalari va tashkilotlarining amaliy muammolarini aniqlash hamda ularga yoshlar tomonidan innovatsion yechimlar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.

“Startaplar klubi”ning yana bir muhim jihati - yoshlarning innovatsion g‘oyalarini biznes va real sektor bilan bog‘lashga xizmat qiluvchi barqaror hamkorlik tizimi shakllantirilganidir.

Klub faoliyatiga universitetning ilmiy rahbarlari va mentorlaridan tashqari, IT Park Uzbekistan, INNO-innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki, “Smart Solutions System” MChJ, “Suvchilar maktabi” MChJ, "O`zbekgidroenergo" AJ “O‘zsuvta’minot” AJ, “Agrobank” ATB va boshqa shu kabi tashkilot va korxonalar vakillari ham jalb etilgan.

Bunday hamkorlik yoshlarning loyihalarini bozor talablariga moslashtirish, ishlab chiqarish korxonalarida pilot sinovlardan o‘tkazish, tijoratlashtirish, investorlar va venchur fondlari bilan aloqalar o‘rnatish hamda istiqbolli ishlanmalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, klub a’zolari uchun muntazam ravishda pitching sessiyalari, startap forumlar, hackathonlar, ideathonlar, innovatsion seminarlar, treninglar va mentorlik dasturlarini tashkil etish, muvaffaqiyatli startap asoschilari, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini rivojlantirishda universitetning mavjud laboratoriya va moddiy-texnik bazasidan foydalanish, intellektual mulkni himoya qilish, loyihalarning texnologik tayyorgarlik darajasini oshirish, real sektorda pilot sinovlardan o‘tkazish hamda investorlar va hamkor tashkilotlar bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratiladi.

Istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, ularni Innomarket.uz platformasiga joylashtirish, investitsiya va boshqa moliyaviy manbalarni jalb etish orqali loyihalarni bozorga olib chiqish bo‘yicha ham amaliy mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi.

“Startaplar klubi”ning tashkil etilishi universitetda yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan bog‘lash hamda yangi avlod startapchilarini shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.

Endilikda klub doirasida har bir istiqbolli g‘oya “g‘oya – loyiha – prototip – sinov – investitsiya – tijoratlashtirish” tamoyili asosida rivojlantirilib, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini real iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga ega loyihalarga aylantirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Startaplar klubga a’zo bo‘lish istagidagi talabalar ushbu havola https://tiiame-startupclub.netlify.app orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va qo‘shimcha ma’lumot olish uchun @TIQXMMI_IQTIDOR telegram manziliga murojaat qilishlari mumkin.