“Startaplar klubi” a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi
06.10.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning
kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-son qarori ijrosini ta’minlash,
yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni istiqbolli
startap loyihalariga aylantirish hamda real sektorga joriy etish tizimini
yanada rivojlantirish maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida
tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
5-oktyabr kuni mazkur vazifalar ijrosi doirasida Oliy
ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 9-iyuldagi 287-sonli buyrug‘i
hamda universitet rektorining 2026-yil 27-iyuldagi 233-a/f-sonli buyrug‘i
asosida universitetda tashkil etilgan “Startaplar
klubi” a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda innovatsion g‘oya va loyihalar ustida ish
olib borayotgan klubning faol a’zolari universitet ilmiy tuzilmasi vakillari, klub
koordinatorlari, mentorlar va ilmiy rahbarlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida “Startaplar klubi”ning asosiy maqsad va vazifalari, a’zolar uchun
yaratiladigan imkoniyatlar, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish, loyihalarni
shakllantirish va amaliyotga joriy etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot
berildi.
Ayni paytda klub 50
nafar faol yoshni birlashtirgan bo‘lib, ular o‘z innovatsion g‘oyalarini
rivojlantirish, istiqbolli startap loyihalarini shakllantirish va ularni real
amaliyotga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Startaplar
klubi” faoliyatining
asosiy yo‘nalishi - yoshlarning g‘oyalarini aniqlash va saralashdan boshlab,
ularni ilmiy-texnik jihatdan takomillashtirish, prototip yaratish,
tajriba-sinovdan o‘tkazish, loyihani taqdim etish, moliyalashtirish va
tijoratlashtirishgacha bo‘lgan yagona tizimni shakllantirishdan iborat.
Klub faoliyati doirasida “ehtiyoj – yechim” tamoyili asosida real sektor korxonalari va
tashkilotlarining amaliy muammolarini aniqlash hamda ularga yoshlar tomonidan
innovatsion yechimlar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.
“Startaplar klubi”ning yana bir muhim jihati -
yoshlarning innovatsion g‘oyalarini biznes va real sektor bilan bog‘lashga
xizmat qiluvchi barqaror hamkorlik tizimi shakllantirilganidir.
Klub faoliyatiga universitetning ilmiy rahbarlari va
mentorlaridan tashqari, IT Park Uzbekistan, INNO-innovatsion o‘quv va ishlab
chiqarish texnoparki, “Smart Solutions System” MChJ, “Suvchilar maktabi” MChJ, "O`zbekgidroenergo"
AJ “O‘zsuvta’minot” AJ, “Agrobank” ATB va boshqa shu kabi tashkilot va
korxonalar vakillari ham jalb etilgan.
Bunday hamkorlik yoshlarning loyihalarini bozor
talablariga moslashtirish, ishlab chiqarish korxonalarida pilot sinovlardan
o‘tkazish, tijoratlashtirish, investorlar va venchur fondlari bilan aloqalar
o‘rnatish hamda istiqbolli ishlanmalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini
kengaytiradi.
Shuningdek, klub a’zolari uchun muntazam ravishda
pitching sessiyalari, startap forumlar, hackathonlar, ideathonlar, innovatsion
seminarlar, treninglar va mentorlik dasturlarini tashkil etish, muvaffaqiyatli
startap asoschilari, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar
o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yoshlarning istiqbolli loyihalarini rivojlantirishda
universitetning mavjud laboratoriya va moddiy-texnik bazasidan foydalanish,
intellektual mulkni himoya qilish, loyihalarning texnologik tayyorgarlik
darajasini oshirish, real sektorda pilot sinovlardan o‘tkazish hamda
investorlar va hamkor tashkilotlar bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratiladi.
Istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, ularni Innomarket.uz platformasiga
joylashtirish, investitsiya va boshqa moliyaviy manbalarni jalb etish orqali
loyihalarni bozorga olib chiqish bo‘yicha ham amaliy mexanizmlar yo‘lga
qo‘yiladi.
“Startaplar
klubi”ning tashkil
etilishi universitetda yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish,
ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan bog‘lash hamda yangi avlod startapchilarini
shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
Endilikda klub doirasida har bir istiqbolli g‘oya “g‘oya – loyiha – prototip – sinov – investitsiya
– tijoratlashtirish” tamoyili asosida rivojlantirilib, yoshlarning
innovatsion tashabbuslarini real iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga ega loyihalarga
aylantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: Startaplar
klubga a’zo bo‘lish istagidagi talabalar ushbu havola https://tiiame-startupclub.netlify.app orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va qo‘shimcha ma’lumot
olish uchun @TIQXMMI_IQTIDOR telegram manziliga murojaat qilishlari mumkin.