“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda Rossiya Federatsiyasining “N.I. Vavilov nomidagi Saratov davlat genetika, biotexnologiya va muhandislik universiteti” o‘rtasida kelishuv bitimi imzolandi.

05.10.2026

#Rektordan #Ta`lim

Uchrashuvda “Vavilov universiteti” rektori, texnika fanlari doktori Dmitriy Aleksandrovich Solovyov boshchiligidagi delegatsiya hamda Saratov viloyati Qishloq xo‘jaligi vazirining oziq-ovqat va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Natalya Nikolaevna Marievskaya ishtirok etdi.

Kelishuv doirasida irrigatsiya, melioratsiya, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, raqamli texnologiyalar va barqaror qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shuningdek, tomonlar zamonaviy texnologiyalar asosida «Aqlli issiqxona»ni hamkorlikda yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va resurslardan samarali foydalanish yechimlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur kelishuv ikki davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish hamda qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.