Mahorat darsi tashkil etildi

03.10.2026

#Xalqaro hamkorlik

2026-yil 30-sentabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti Ekologiya va huquq fakulteti Yuridik fanlar kafedrasi tomonidan “Gender, iqlim adolati, kiberjinoyatchilik va xalqaro iqlim sudlovlari: ayollar inson huquqlari, raqamli xavfsizlik va ekologik xavfsizlikni himoya qilish” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

Tadbir Ekologiya va huquq fakulteti dekani H. Pirmatov hamda Yuridik fanlar kafedrasi mudiri H. Hikmatovning qutlov va kirish so‘zlari bilan rasman ochildi. Ular ishtirokchilarni qutlab, gender tengligi, iqlim adolati, raqamli xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq zamonaviy huquqiy muammolarni o‘rganishning dolzarbligini ta’kidladilar.

Tadbirning mehmon spikeri — Hindistonning MATS universiteti MATS Law School professori va kafedra mudiri Dr. Pyali Chatterjee bo‘lib, u gender tengligi, iqlim adolati, inson huquqlari, kiberjinoyatchilik, raqamli xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari yuzasidan o‘zining ilmiy bilimlari, professional tajribasi va qimmatli qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mahorat darsiga Yuridik fanlar kafedrasi dotsenti v.b. A. Xodjayeva moderatorlik qildi. U Dr. Pyali Chatterjee bilan hamkorlikda mazmunli va interaktiv munozara tashkil etib, talabalarni faol savol-javob va fikr almashishga jalb etdi.

Tadbirda, shuningdek, Yuridik fanlar kafedrasi o‘qituvchisi, xotin-qizlar masalalari faoli V. Hudayberdiyeva, shuningdek, 3- va 4-kurs talabalari faol ishtirok etdilar. Talabalar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, muhokamalarda faol qatnashdilar.

Faol ishtirok etgan talabalar fakultet ma’muriyati tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida Dr. Pyali Chatterjeega akademik hamkorlik va ilmiy tajriba almashinuvini rivojlantirishga qo‘shgan qimmatli hissasi uchun Universitet nomidan Tashakkurnoma va esdalik sovg‘asi topshirildi.

Mazkur mahorat darsi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi akademik hamkorlik va ilmiy tajriba almashinuvini mustahkamlash, shuningdek, talabalarning xalqaro huquq, ekologik huquq, iqlim adolati va inson huquqlari sohalaridagi zamonaviy huquqiy masalalar bo‘yicha bilimlarini kengaytirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.