Xalqaro miqyosdagi yana bir g’alaba!

02.10.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot” kafedrasi asistent o’qituvchisi, Buyuk Britaniyada tahsil olgan Sardor Karimov va talabasi Ravshanova Sarvinoz Rossiya Federatsiyasi, Tatariston Respublikasi Qozon shahrida 2026-yil 30-sentyabr 4-oktyabr kunlari o’tkazilayotgan IV OIC Yoshlar Ilmiy Kongressida ishtirok etishmoqda.

Kongressni Yoshlar Diplomatiyasi Akademiyasi va Qozon Federal Universiteti, Tatariston Respublikasi Hukumati hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etmoqda. Unda Rossiya Federatsiyasi va OIC a’zo davlatlaridan 100 nafardan ortiq yosh olim, tadqiqotchi va innovator ishtirok etmoqda.

Kongress davomida:

– Sardor Karimov “Atrof-muhit barqarorligi” yo’nalishi (Track 5) doirasida Toshkent shahrining piyoda yurish imkoniyatlari (walkability) bo’yicha ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etmoqda;

– Ravshanova Sarvinoz “Xalqaro munosabatlar va huquq” yo’nalishi (Track 3 – International Relations and Law) doirasida “Digital Diplomacy in the Age of Artificial Intelligence” mavzusidagi tadqiqot loyihasini taqdim etmoqda. Tadqiqotda sun’iy intellektning zamonaviy diplomatiyadagi o’rni, xalqaro kommunikatsiya, axborotni tahlil qilish, xavflarni aniqlash hamda raqamli diplomatiya bilan bog’liq kiberxavfsizlik, dezinformatsiya, ma’lumotlar maxfiyligi va etik masalalar yoritilmoqda;

– Guruh loyihalari va davra suhbatlarida xalqaro hamkasblar bilan birgalikda amaliy tajriba almashinmoqda;

– Tadqiqot natijalari Kongressning elektron materiallar to’plamida nashr etiladi;

– Qozon Federal Universiteti institutlari bilan kelgusi ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvi istiqbollari muhokama qilinmoqda.

Bunday xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etish universitetimiz talaba va professor-o’qituvchilarining ilmiy salohiyatini jahon miqyosida tanitish, shuningdek xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Universitet matbuot xizmati