Universitet olimlari Malayziyada o‘tkazilgan ICoTriCE-2026 xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

30.09.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Universitetning “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari” kafedrasi professori Obid Tursunov hamda kafedra dotsenti Sirojiddin Xushiyev 2026-yil 17–27-sentabr kunlari Malayziyaning Perlis shtatida joylashgan Universiti Malaysia Perlis (UniMAP) universitetida xizmat safarida bo‘ldilar.


Xizmat safari doirasida universitet vakillari 3rd International Conference on Trends in Chemical Engineering 2026 (ICoTriCE-2026) — “Kimyo muhandisligi sohasidagi tendensiyalar bo‘yicha III xalqaro konferensiya”da ishtirok etdilar. Mazkur xalqaro konferensiya 2026-yil 21-sentabr kuni Universiti Malaysia Perlis universitetida gibrid shaklda tashkil etilib, yashil texnologiyalar, barqaror energetika, ilg‘or materiallar va kimyo muhandisligining zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlandi. ICoTriCE-2026 dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda akademik hamjamiyat vakillarini bir maydonda jamladi. Konferensiyada yashil va barqaror ishlab chiqarish jarayonlari, chiqindilarni boshqarish, uglerodni tutib qolish va undan foydalanish, biotexnologiyalar, energiyani konversiya qilish va boshqarish, qayta tiklanuvchi hamda muqobil energiya manbalari, vodorod energetikasi, sun’iy intellekt texnologiyalarining muhandislikdagi qo‘llanilishi kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi.


Konferensiyaning asosiy ma’ruzachilaridan (Keynote Speaker) biri sifatida professor Obid Tursunov ishtirok etdi. ICoTriCE-2026 rasmiy dasturida professor Obid Tursunov O‘zbekistonning Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti vakili sifatida qayd etilgan. Professor Obid Tursunov konferensiyada “Machine learning application and evaluation of CO₂ emissions for sustainable biofuels production from pyrolysis of cotton stalks” mavzusida asosiy ma’ruza bilan qatnashdi. Mazkur tadqiqot paxta poyalarini piroliz qilish asosida barqaror bioyoqilg‘i ishlab chiqarishda mashinali o‘qitish texnologiyalarini qo‘llash hamda CO₂ emissiyalarini baholash masalalariga bag‘ishlandi. 


Xizmat safari davomida professor Obid Tursunov va dotsent Sirojiddin Xushiyevning ishtiroki faqat xalqaro konferensiya bilan cheklanmay, ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirishga ham qaratildi. Jumladan, “Qishloq xo‘jaligi qoldiqlaridan bio-ko‘mir va vodorodga boy gazni samarali ishlab chiqishning integratsiyalashgan texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihasining yakuniy xulosalarini muhokama qilish hamda Universiti Malaysia Perlis tadqiqotchilari uchun ochiq ma’ruzalar tashkil etish safarning asosiy vazifalari sifatida belgilangan edi.


Mazkur tashrif universitetimiz va Universiti Malaysia Perlis o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya, vodorod energetikasi, bioenergetika va yashil texnologiyalar sohasida qo‘shma tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, olimlar o‘rtasida tajriba va ilmiy bilim almashinuvini kuchaytirishga xizmat qiladi. Universitet olimlarining nufuzli xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etishi olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda istiqboldagi yangi qo‘shma ilmiy loyihalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi

Universitet matbuot xizmati