Muallim – millat ma’rifatining me’mori

29.09.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab

Har yili oktyabrning boshida yurtimiz alohida kayfiyat bilan yashaydi. Bu kayfiyatning nomi – minnatdorlik. Biz har bir inson hayotida birinchi harfni o‘rgatgan, birinchi savoliga javob bergan, birinchi bor «sen qila olasan» deb ishongan zotni eslaymiz. 1 oktyabr mana shunday zotlar – ustoz va murabbiylarning bayrami.

O‘zbek xalqi azaldan «Ustoz – otangday ulug‘» degan hikmatga amal qilgan. Bu hikmat ortida chuqur haqiqat bor: jamiyat qanday muallim tarbiyalagan bo‘lsa, kelajakda shunday jamiyatga aylanadi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yangi O‘zbekiston qurilishida ta’limni, ilm-fanni va muallimni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tardi.

Davlat siyosatida muallim

Davlatimiz rahbarining qarashlarida bir fikr qizil ipdek o‘tadi: taraqqiyotning kaliti – bilimli, zamonaviy fikrlaydigan avlodda, bunday avlodni esa yuksak ma’naviyatli va kasbiy pishgan muallim tarbiyalaydi. Ta’lim «Uchinchi Renessans» poydevorini yaratish vazifasi bilan bog‘lanishi muallimga berilgan tarixiy mas’uliyatdir: bugungi sinfxonada kelajak olimlari, muhandislari va davlat arboblari o‘smoqda.

Bu qarashlarning mazmuni to‘rt nuqtada mujassam: muallim jamiyatda eng hurmatli inson bo‘lishi; ta’lim sifati muallim saviyasiga tengligi; ta’lim va tarbiyaning ajralmasligi; universitetlar yangi bilim yaratuvchi ilmiy markazlarga aylanishi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, ta’lim va muallimga qaratilgan e’tibor — bu kelajakka qo‘yilgan sarmoyadir. Ushbu sarmoyaning har bir zarrasi aynan sizlarning fidoyi mehnatingiz orqali samara bermoqda.

Zamon talabi: bugungi muallim qanday bo‘lishi kerak?

Bugungi o‘quvchi axborotni kitobdan emas, smartfondan oladi. Muallim «bilimning yagona manbai» bo‘la olmaydi, ammo o‘rni yanada mas’uliyatli bo‘ladi: u bilimning hakami, yo‘naltiruvchisi va ma’naviy mezoniga aylanadi. Buning uchun zamonaviy pedagog quyidagi fazilatlarni o‘zida mujassam etishi zarur.

Chuqur bilim va izlanish. O‘z fanini mukammal bilmagan muallim ojiz. Fan shiddat bilan yangilanayotgan zamonda muallim umr bo‘yi o‘quvchi bo‘lib qolishi kerak. Professor-o‘qituvchi esa tayyor bilimni yetkazuvchi emas, sohasida yangilik yaratuvchi tadqiqotchi bo‘lmog‘i lozim.

Nutq madaniyati va kommunikativ kompetentlik. Pedagogning asosiy quroli – so‘z. Uning nutqi toza, aniq, mantiqli va odobli bo‘lishi shart. Ammo kommunikativ kompetentlik chiroyli gapirishdan ko‘p narsa: u tinglay olish, savol bera olish, bahsni boshqarish, raqamli muloqot madaniyatini egallashdir. Afsuski, dars ko‘pincha bir tomonlama monologga aylanmoqda, holbuki bugungi o‘quvchi tinglovchi emas, ishtirokchi bo‘lishni istaydi. Bu borada Navoiy davridan kelayotgan sharq notiqlik san’ati tajribasi bugun ham metodik va axloqiy manba bo‘la oladi.

Germenevtik qobiliyat. Tushunish va talqin qilish san’ati muallimga ikki yo‘nalishda kerak: matnni uning ma’no qatlamlari va tarixiy-madaniy zaminida anglash hamda o‘quvchini tushunish. Yaxshi muallim o‘quvchining «nima deyayotganini» emas, «nima demoqchi ekanini» ham ilg‘aydi.

Raqamli savodxonlik. Elektron platformalar va sun’iy intellekt ta’limga kirib keldi. Muallim ulardan chekinmay, o‘z xizmatiga qo‘yishi kerak. Ammo texnologiya – vosita, maqsad emas. Sun’iy intellekt ma’lumot bera oladi, lekin ibrat ko‘rsatolmaydi, insoniy iliqlik bera olmaydi. Shu bilan birga, muallim o‘quvchilarga axborotni tanqidiy baholashni va akademik halollikni o‘rgatishi shart.

Shaxsiy ibrat. Muallim avvalo o‘z hayoti bilan o‘rgatadi. O‘quvchi «rostgo‘y bo‘l» degan gapni emas, o‘qituvchisining rostgo‘yligini ko‘radi. Professor-o‘qituvchining kasbiy odobi, halolligi va muloqot madaniyati jamiyatning ma’naviy ko‘zgusidir.

Milliy meros bilan yashash. Globallashuv davrida yoshlar dunyoga ochiq bo‘lishi kerak, ammo o‘z ildizini unutgan daraxt mustahkam bo‘lmaydi. Xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot, eski o‘zbek yozuvidagi qo‘lyozmalar va xalq kitoblari – beqiyos xazina. Yoshlarni bu merosga yaqinlashtirish, tarixiy manbalarga qiziqish uyg‘otish muallimning muhim vazifasidir.

Murabbiy va jamiyat

«Murabbiy» so‘zi tarbiya qilish, kamolotga yetkazish ma’nosini anglatadi: u faqat bilim bermaydi, insonni shakllantiradi. Unda pedagogik takt va sabr asosiy sifat: bolaga qichqirish emas – ishonish, jazolash emas – tushuntirish, haqorat emas – rag‘bat.

Ammo muallimdan ko‘p talab qilar ekanmiz, jamiyat ham o‘z burchini ado etishi kerak. Ijtimoiy kafolatlar va muallim sha’nini himoya qilish davlat zimmasida bo‘lsa, hurmat oiladan boshlanadi. Farzandining oldida muallimni kamsitgan ota-ona aslida farzandining kelajagiga zarar yetkazadi: muallimni hurmat qilmagan bola bilimni ham hurmat qilmaydi. Shu bilan birga, obro‘ buyurtma bilan berilmaydi – uni halol mehnat, bilim va ibrat bilan muallimning o‘zi qozonadi.

Oliy ta’limda bu mas’uliyat yana ham katta. Professor-o‘qituvchi bir vaqtda o‘qituvchi, tadqiqotchi va ma’naviy yo‘lboshchidir. Unda hisobot uchun yozilgan maqola emas, haqiqiy ilmiy yangilik; reyting uchun quvish emas, ilm oldidagi halollik muhim. Yosh tadqiqotchiga halol va prinsipial ustoz bo‘lish esa katta ma’naviy javobgarlikdir: ustozning qo‘li bilan o‘sgan shogird ertaga boshqa shogirdlarni o‘stiradi.

Xulosa o‘rnida

Bugungi muallim – chuqur bilimli, so‘z san’atini egallagan, tushunish va tushuntira olishga qodir, zamonaviy texnologiyadan foydalana oladigan, milliy qadriyatlarga sodiq va ibrati bilan yo‘l ko‘rsatadigan inson. Bu ko‘p talab. Lekin muallimlik hamisha oddiy ish emas, da’vat va missiya bo‘lgan. Ta’limga qaratilgan e’tibor kelajakka qo‘yilgan sarmoya, bu sarmoya oqlanishi uchun esa muallim ham, olim ham, ota-ona ham, jamiyat ham o‘z o‘rnida mas’uliyat his qilmog‘i kerak.

Barcha ustoz va murabbiylarga sog‘lik, oilaviy farovonlik va ijodiy muvaffaqiyat tilayman. Sizning mehnatingiz – Vatan taqdiri. Ustoz – millatning vijdoni, ma’rifatning mash’ali. Shu mash’al hech qachon so‘nmasin!

 

Rahimboy Jumaniyozov, “TIQXMMI“ MTU Rektorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, pedagogika fanlari doktori, professor.