Amaliyot monitoringi: nazariya va amaliyot uyg‘unligi
26.09.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professori B. Matyakubov Xorazm
viloyatining Yangibozor va Gurlan tumanlarida dual tizim asosida ishlab
chiqarish amaliyotini o‘tayotgan talabalarning amaliyot jarayonlari bilan
yaqindan tanishish maqsadida obyektlarga tashrif buyurdi.
Tashrifning asosiy maqsadi — talabalarning auditoriyada olgan nazariy
bilimlarini real ishlab chiqarish va dala sharoitida qanday qo‘llayotganini
kuzatish hamda ularga tegishli yo‘nalish berishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif jarayonida talabalar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning shu
kungacha amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi hamda amaliyotni yanada
mazmunli va samarali tashkil etish yuzasidan ularning fikr-mulohazalari
tinglandi.
Talabalarning dual amaliyoti asosan ikki bosqichda: dastlab tashkilotning
o‘zida hujjatlar bilan ishlash, so‘ngra dala sharoitida bevosita ishlarning
borishi va ijro jarayonida ishtirok etish tarzida olib borilmoqda.
Talabalar bilan bug‘doy ekish uchun tayyorlanayotgan maydonlarda suv
tejovchi texnologiyalar, xususan, lazerli tekislashning yerning meliorativ
holatini yaxshilash va suv sarfini keskin kamaytirishdagi afzalliklari ko‘rib
chiqildi.
Shu bilan birga, tabiat qo‘ynida ta’mirlanayotgan sug‘orish kanalining
suv o‘tkazuvchanligini oshirish, filtratsiya yo‘qotishlarini kamaytirish va
ushbu loyihaning hudud suv ta’minotiga ijobiy ta’siri bo‘yicha amaliy
ko‘nikmalarning shakllanish jarayoni bilan tanishildi.
Ushbu tashrif va o‘tkazilgan monitoring shuni ko‘rsatdiki, nazariya va
amaliyotning uyg‘unligi talabalarda hujjatlar bilan ishlash hamda dalada
bevosita ishlarning borishi bilan yaqindan tanishish orqali yakuniy natijagacha
bo‘lgan to‘liq jarayonni tushunish ko‘nikmasini muvaffaqiyatli shakllantirmoqda.
Universitet matbuot xizmati