“Milliy libos – millatga xos”

25.09.2026

#Yangilik #Ma`naviy va tashkiliy

2026-yil 25-sentyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining Yer resurslari va kadastr fakultetida “Milliy libos – millatga xos” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda professor-o’qituvchilar (Z.Xafizova ,D.Murodova,  M.Turg’unova va О.Abdullayeva) va 1-bosqich talaba qizlari va yigitlari  ishtirok etdilar.

Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlar qalbida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash, milliy liboslarimizning tarixi, mazmun-mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlarini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida milliy liboslar xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, estetik qarashlari va milliy o‘zligini aks ettiruvchi muhim ma’naviy meros ekanligi ta’kidlandi. Milliy kiyimlarda qo‘llaniladigan ranglar, naqshlar, bezaklar, matolar va kashtachilik san’ati xalqimizning qadimiy an’analari bilan chambarchas bog‘liqligi haqida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, o‘zbek milliy liboslarining hududlarga xos jihatlari, ayollar va erkaklar kiyimlari, do‘ppi, atlas va adras kabi milliy matolar, zarli va kashtali bezaklarning o‘ziga xosligi haqida ma’lumotlar berildi. ATLAS –ADRAS ВА БЕҚАСАМ kabi milliy matolar xalqimizning nafis didi va boy hunarmandchilik an’analarini namoyon etishi qayd etildi.

Yoshlarni milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga yetkazish hamda zamonaviy hayotda milliylik va zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashga chaqirildi.

Ayniqsa, yoshlar orasida milliy liboslarni targ‘ib qilish, milliy kiyinish madaniyatini rivojlantirish, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan kiyinish an’analarini o‘rganish va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zbek milliy liboslarining jozibadorligi, rang-barangligi va betakrorligini namoyish etib, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatlarini ifoda etdilar.

“Milliy libos – millatga xos” tadbiri talaba-yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirish, madaniy merosimizni qadrlash va milliy qadriyatlarimizga sodiqlik ruhini shakllantirishga xizmat qildi.

Milliy libos – bu shunchaki kiyim emas, balki xalqning tarixi, madaniyatidir 

YRK fakulteti xotin-qizlar masalalari bo’yicha dekan maslahatchisi: Z.Xafizova axboroti

Universitet matbuot xizmati