"TIQXMMI" MTU da Future17 xalqaro dasturi ishtirokchilari va mentorlari bilan dastur oldi tayyorgarlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

24.09.2026

#Yangilik #Ta`lim

Tadbirda universitetning saralab olingan talabalari, dastur mentorlari hamda universitetning Future17 dasturidagi ishtirokini muvofiqlashtirish uchun mas’ul vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar dastur tuzilishi, kelgusi ish bosqichlari, xalqaro jamoalarda hamkorlik qilish formati va loyihalarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.

Uchrashuvda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) hamda QS ImpACT Awards doirasidagi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlarni muhokama qilib, o‘z g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdilar va kelgusidagi tashabbuslarni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvning asosiy qismi Future17 dasturi doirasidagi tayyorgarlik jarayoniga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar va mentorlar oldinda turgan vazifalar, dasturdan kutilayotgan natijalar, jamoaviy ishlash formati hamda kasbiy bilimlarni barqaror rivojlanish sohasidagi real masalalarni hal etishda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv dastur boshlanishidan oldingi muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, ishtirokchilarga Future17 mazmuniga yanada chuqurroq kirish, fikr va g‘oyalar almashish hamda kelgusidagi xalqaro jamoaviy ishga tayyorgarlik ko‘rish imkonini berdi.