Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish uchun raqamli texnologiyalar klasteri (EkoGIS markazi)
EkoGIS markazi 2003 yil 30 mayda Vageningen universiteti, TIQXMMI, O‘zbekiston
Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston ekologiya va atrof
muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, SIMMUT, YuNESKO bilan qo‘shma shartnoma
asosida TIQXMMIning “Muhandislik ekologiyasi” kafedrasi negizida tashkil etilgan.
EkoGIS markazining vazifasi ekologik va iqtisodiy - ijtimoiy taraqqiyotga
geografik axborot tizimlari yordamida hissa qo‘shishdir. EkoGIS markazining asosiy
vazifasi - chet el oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ikki tomonlama magistrlik
dasturlarini faol qo‘llash, qo‘shma doktorantura, mutaxassislarni malakasini oshirish
hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror tabiiy resurslarni boshqarish
masalalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishda geografik axborot tizimlari va masofadan
zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish.
EkoGIS markazining ustuvor ilmiy yo‘nalishlari:
Yerdan foydalanish va yer resurslarining degradatsiyasini geografik axborot
tizimlari va masofadan ob’ektlarni o‘rganish orqali baholash.
Cug‘oriladigan yerlarda resurs tejamkor texnologiyalarni rivojlantirish
(texnologiya, texnik, ekologik, iqtisodiy va innovatsion xususiyatlari).
Iqlim o‘zgarishini qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish.
Hududlarda ekotizim xizmatlari va yer resurslarini barqaror boshqarishning
tahlili.
Geografik axborot tizimlari va masofadan ob’ektlarni o‘rganish yordamida
yerdan foydalanish klassifikatsiya usullarini takomillashtirish.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz qishlok xo‘jaligi universitetlararo hamda
xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini ilmiy tadqiqot va ta’lim tizimi innovatsion
usullarni tadbiq kilish.
EkoGIS markazi o‘z rivojlanish bosqichlarida Yevropa Ittifoqinig TEMPUS
dasturi doirasida DESPES (2002-2005), EWASIA (2003-2006), TEAM (2004-2007) loyihalari
hamda Erasmus Mundus dasturi loyihasi doirasida CASIA I (2010-2014), CASIA II
(2011-2016), CASIA III (2012-2017), TEMUR (2013-2018), Erasmus + (2017-2022) dasturlari
muhim o‘rin egalladi.
Hozirgi kunda EkoGIS markazi Yevropa Ittifoqining 15 etakchi ixtisoslashgan
oliy o‘quv yurtlari, 8 ta Amerika universitetlari, Xitoy Xalq Respublikasining
4 ta universiteti va Rossiya, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi boshqa universitetlar
bilan faol hamkorlik qilmoqda. EkoGIS markazi keng xalqaro hamkorlikka ega va bugungi
kunda 12 dan ortiq xalqaro loyihalar va dasturlarda ishtirok etmoqda.
Bugungi kunga kelib markaz chet el universitetlari bilan hamkorlikning turli
shakllari bo‘yicha (Vageningen universiteti - Gollandiya, Bonn universiteti - Germaniya
va Vayenshtefan universiteti - Germaniya) asosida 194 nafar magistrlar tayyorlandi.
Shu jumladan, rus va o‘zbek tillarida atrof
muhitni muhofaza qilish mutaxassisligi bo‘yicha 92 nafar magistrlar (qishloq va
suv xo‘jaligi) muvaffaqiyatli tamomladi.
TIQXMMI va Vageningen universiteti o‘rtasida ikki tomonlama diplom dasturi
uchun EkoGIS markazi negizida atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha uchta mutaxassislik
bo‘yicha 44 nafar magistr ingliz tilida o‘qitildi. Muvaffaqiyatli tayyorgarlik natijasida
12 nafar magistrant TIQXMMI va Vageningen universitetining magistr darajasidagi
diplomlarini oldilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama rahbarlik va O‘zbekistonda
atrof-muhit masalalari va geografik axborot tizimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib
borishdi 8 nafar talabalar birgalikdagi mashg‘ulotlar
doirasida Vagenigen universiteti magistratura diplomlarini oldilar. Vageningen universiteti
qoshidagi 34 nafar chet ellik talabalar EkoGIS markazi hamkorligida o‘zlarining
ixtisoslashgan amaliyotlarini, kurslarini va dissertatsiya tadqiqotlarini o‘tkazdilar.
EkoGIS markazi magistrantlari, bitiruvchilari, xodimlari va loyiha ishtirokchilari
Gollandiya, Germaniya, Shvesiya, Slovakiya, Yaponiya, Italiya, Avstriya kabi etakchi
oliy o‘quv yurtlarida o‘z tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar, ulardan 20 nafari
PhD doktor, 5 nafari O‘zbekistonda fan nomzodi darajasini oldilar. Hozirgi vaqtda
8 nafar PhD doktorantlar o‘z tadqiqotlarini Gollandiya, Germaniya, Slovakiya va Chexiya Respublikasining
etakchi universitetlarida davom ettirmoqda.
EkoGIS xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda va Atrof muhit muhofaza
qilish va ekologiya davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2500 dan ortiq mutaxassislarni,
atrof-muhit masalalari va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shug‘ullanadigan universitet
va kollej o‘qituvchilarining malaka va ko‘nikmalarini oshirdi.
Markazda shu bilan birgalikda paxta va bug‘doyni ekishda sug‘oriladigan
yerlarni tuproqni himoya qilish, resurslarni
tejamkor texnologiyalarning ta’sirini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ushbu texnologiya
Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida sinovdan o‘tkazilib, Toshkent viloyatida
ushbu texnologiyadan 652 gektar maydonda foydalanilmoqda. Hozirgacha markaz tomonidan
ushbu texnologiyani targ‘ib qilish uchun 256 nafar fermer, mutaxassislar va tadqiqotchilar
uchun treninglar o‘tkazildi. 137 ta fermer xo‘jaligining maydonlarida mazkur texnologiya
joriy etilgan.
Vageningen universiteti va EkoGIS TIQXMMI universiteti olimlari o‘simlik
indekslari asosida sho‘rlanish va tuproq degradatsiyasini baholash metodologiyasini
ishlab chiqdi. Birinchilardan bo‘lib Sirdaryo viloyatining misolida o‘simliklarning
kosmik termografiyasi usuli yordamida tuproq sho‘rligini baholash usuli qo‘llanildi.
Hozirgi vaqtda avstraliyalik olimlarning qiziqishlariga ko‘ra, Avstraliyada paxta
va g‘alla ostidagi sug‘oriladigan va lalmi maydonlarida tadqiqotlar olib borilmoqda.
Magistrant va doktorant talabalar LANDSAT (AQSh) va SENTINEL (EI) sun’iy
yo‘ldoshlari yordamida Toshkent viloyatidagi ekin va o‘rmon maydonlaridan foydalanish
va inventarizatsiya qilishning aniqligini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlarni olib
bormoqdalar. "O‘zbekistonda SPOT (EI)
ning sun’iy yo‘ldosh o‘simliklari ma’lumotlari yordamida bug‘doy hosilini prognozlash
tizimi" mavzusida tadqiqotlar o‘tkazildi. Tadqiqot davomida O‘zbekistonning
qurg‘oqchil maydonlarida bug‘doy hosilini oldindan aniqlash uchun Yevropa
CGMS modeli ishlatilgan. O‘zbekistondagi
barcha hududlar uchun bug‘doy hosilining prognoz qilingan va statistik ma’lumotlari
o‘rtasidagi korrelyatsiya koeffitsienti 0,92 ni tashkil qildi.
Lund Universiteti (Shvesiya) olimlari bilan birgalikda iqlim o‘zgarishlarining
hasharot populyatsiyasiga ta’siri (masalan, Kolorad qo‘ng‘izi) va ularning Yevropa Ittifoqining janubidan shimolga
harakatlarini baholash uchun model ishlab chiqildi.
FAOning o‘rmon massivlarini baholash loyihasi doirasida EkoGIS markazining
olimlari Google Earth, Bing Maps va Google Earth Engine imkoniyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan
Collect Earth tizimini joriy etishda qatnashdilar.
EkoGIS markazi olimlarining ilmiy-tadqiqot natijalari yuqori reytingli xalqaro
jurnallarda, shular jumlasida Global Change Biology, Climate Research,
Agricultural and Forest Meteorology, Ecosystems & Environment, Biosystems
Engineering, Biogeosciences Discussion,
Science of the Total Environment, Geoderma, Sensors, Remote Sensing of
Environment, Agricultural Water Management va boshqalarda chop etilmoqda.
EkoGIS markazi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining xalqaro reytinglarda
ko‘rsatkichlarini yildan-yilga oshib borishida o‘z hissasini qo‘shmoqda. Universitetimiz
Global Qishloq xo‘jaligi ta’limi va fanlari konsorsiumining (GCHERA) tashkil etilganidan
buyon uning faol a’zosi hisoblanadi.
2010 yil 12-13 iyul kunlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini
rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi universitetlari konsorsiumining (KASKAD)
tarixiy ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston,
Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi 8 ta oliy o‘quv yurtimiz
vakillari bir ovozdan konsorsiumni tuzish va nizomni ma’qulladilar, biz shu kungacha
uning tarkibida ishlayapmiz. Konsorsiumning asosiy maqsadi barqaror rivojlanishni
qo‘llab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida oliy ta’lim,
ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirishdan iborat. Ayni paytda KASKAD
konsorsiumiga Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi 20 ta oliy o‘quv yurtlari kiradi.
2019 yilning 26 sentabrda Polshadagi Poznan qishloq xo‘jalik universitetida
TIQXMMI o‘zbek oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib Xitoy Xalq
Respublikasining Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti (ShG‘QO‘XU)
raisligidagi Ipak yo‘li qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilmiy innovatsiyalar Alyansiga
a’zo bo‘lgandi.
2019 yil 31 oktyabr kuni Pekin shahrida GIS dasturiy mahsulotlari va texnologiyalari
Xalqaro konferensiyasi (GTC 2019 – GIS Software Technology Conference) doirasida
SuperMap International kompaniyasi Geografik axborotlar jamiyati Xitoy Assotsiatsiyasi
va Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikda Xalqaro forum tashkil etdi. GIS dasturi
mahsulotlari bo‘yicha 3-o‘rinni, Osiyoda bozorida 1-o‘rinni egallagan Xitoy Xalq
Respublikasining xalqaro kompaniyasi SuperMap bilan TIQXMMI va Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarining
rivojlantirish bo‘yicha KASKAD konsorsium orasida anglashuv memorandumi imzolandi.
2020 – 2021 o‘quv yilida EkoGIS markazi tashabbusi bilan Iqtisodiyot va
Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston,
Tojikiston va O‘zbekistondan 15ta nufuzli universitetlar hamkorligida tashkil etilib,
o‘z faoliyatini ochilish marosimidan boshladi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini
mexanizatsiyalash instituti KASKAD raisligida ushbu ta’lim dasturini boshlab berdi.
Institutimiz Germaniya olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqgan “Raqamli iqtisodiyot”
fanini xalqaro maktab tinglovchilariga taqdim etdi. 2020 yil KASKAD konsorsiumining
10 yillik yubileyi arafasida Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi
tashkil etildi. Ushbu maktabda 350 ta xorijiy talabalar va 50 professor-o‘qituvchilar
jalb etildi.
2020 yil 10-11 dekabr kunlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini
rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jalik universitetlari konsorsiumining 10 yilligiga
bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Konsorsium o‘z faoliyati davrida
Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning
15 dan ortiq oliy ta’lim muasssasalarini o‘zida birlashtirib, fan-ta’lim-innovatsiyalar
borasida universitetlararo integratsiyani o‘zida mujassamlashtirgan. Konsorsiumning
10 yilligiga bag‘ishlangan CASCADE 2020 «Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligini
barqaror rivojlantirish» birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani EkoGIS markazi bazasida
o‘z ishini onlayn shaklda boshladi. Anjumanning asosiy maqsadi O‘rta Osiyo va Janubiy
Kavkaz mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilmiy va innovatsion
hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘lib, o‘zining 1000dan ortiq olimlarini birgalikda
hamkorlik qilishlari uchun yangi muloqot platformasini tashkil etdi. Tadbirning
ochilishida 20 dan ortiq mamlakatlarning (Armaniston, Avstriya, Ozarbayjon, Xitoy,
Kosta-Rika, Gruziya, Gana, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya,
Janubiy Koreya, Aqsh, Portugaliya, Fransiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina,
O‘zbekiston) olimlari, professor o‘qituvchilari, doktorantlari ishtirok etishdi.
Jumladan, Niderlandiyaning Vageningen universiteti professori, Nobel mukofotining
laureati Rik Leemans global atrof-muhitni o‘zgarishi va ma’lumotlar bazasidan samarali
foydalanish yo‘llari bo‘yicha qiziqarli ma’ruza qildi.
2020 yil 30 dekabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari institutida “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish uchun raqamli texnologiyalar
klasteri” AKFA Group kompaniyasi homiyligida
tashkil etildi. EkoGIS markazi ushbu klaster tarkibiga kirdi. Klasterning maqsadi
masofadan zondlashning zamonaviy usullari va geografik axborot tizimlardan foydalangan
holda qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya,
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini baholash bo‘yicha
situatsion (vaziyatli) jarayonlarni kuzatish, nazorat qilish bo‘yicha tadqiqotlar
amalga oshirishdan iborat.
Institutda Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorligi doirasida
ko‘pgina professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrantlarimiz o‘tgan 15 yil davomida ushbu qishloq va suv xo‘jaligi sohasida masofadan
zondlash, geografik axborot tizimlardan foydalanish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni
o‘zlashtirishlariga, ularni amaliyotda qo‘llashga erishdilar.
2021 yil 30 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti (TIQXMMI) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Uzbekosmos) bilan shartnoma imzolandi. Shuningdek, TIQXMMIda
birinchi bo‘lib Uzbekkosmos agentligi hamkorligida qo‘shma Fakultet yaratish rejalashtirilgan.
2021 yil 7 may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari
universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari
instituti o‘rtasida hamkorlikda bajariladigan ilmiy tadqiqotlar hamda oliy malakali
va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
2021 yil 8 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti (TIQXMMI) va Xitoyning sanoat korporatsiyasi Great Wall Industry
(CGWIC) tomonidan global sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari va kosmik tadqiqotlar
bo‘yicha onlayn II xalqaro forum o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda O‘zbekistonda, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarida
BeiDou global navigatsion sun’iy yo‘ldosh tizimlarini va masofadan zondlash rivojlantirish
hamda ushbu sohada o‘qitish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek,
Markaziy Osiyoda birinchi marta TIQXMMI bazasida BeyDou/GNSS markazini yaratish
bo‘yicha PQ-42 kiritilgan.
2022 yil 18-20 aprel kunlari Azia Xab va KASKAD qo‘shma yillik anjumani
bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi xalqaro sheriklik, hamkorlik va bilim almashish
orqali suv-yenergiya-oziq-ovqat neksusida (integratsiyasida) paydo bo‘layotgan muammolarni
iqlim o‘zgarishi sharoitida hal qilishdir. Ushbu yig‘ilishda Azia Xab va KASKAD
konsorsiumiga kirgan hamkor universitetlar ishtirok etdi. Tadbirda 19 davlatlardan
45 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. Tadbir
davomida jami 135 kishidan ziyod ishtirokchilar faol qatnashib, 40 dan ortiq taqdimot
va nutqlar bilan chiqdilar. Ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining Nankin
qishloq xo‘jaligi universiteti prezidenti, professor Fadi Chen, Taylandning Qirol
Mongkuta nomidagi texnologiya universiteti prezidenti, professor Tia Suvit va “Toshkent
irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy
tadqiqot universiteti rektori, KASKAD konsorsiumi raisi, professor Baxodir Mirzaev
so‘zga chiqdilar. Uch kun davom etgan anjumanda Azia Xab hamkorlari tomonidan erishilgan
yutuqlar, Future Earth NEXUS KAN loyihasi doirasida hamkorlikni o‘rnatish, kelajakdagi
tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari, moliyalashtirish imkoniyatlari hamda tarmog‘ning
kelajak rejalari haqida muhokama qilindi.
Anjuman yakuniy qismida professor Chiaguo Chi quyidagi natijalarni ta’kidlab
o‘tdi:
1. Future Earth, NEXUS,
MAIRS-Future Earth, CASCADE, CESRA, CORDEX xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik
kuchaytirildi;
2. Yangi tadqiqot tashabbuslari
kiritildi, jumladan hamkorlikdagi tadqiqotlarni o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlarini
tashkil etish.
Kafedra xodimlari
Fakultet
O'qitiladigan fanlar
№ | Fanning nomi | Fan haqida qisqacha ma'lumot |
---|