Qabul boshlanishiga 4 kun qoldi
01.06.2026
Birinchi bosqich:
abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi;
Ya’ni birinchi bosqichda universitet yoki institut tanlanmaydi. Abituriyentlar faqat qaysi fandan, qaysi tilda, qaysi hududda test topshirishini belgilaydi xolos. "Men Yuridik universitetga topshirdim, men Tibbiyot universitetiga topshirdim" degan gaplar birinchi bosqichda bo‘lmaydi.
Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich:
abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.
O‘qishga kira olmaganlar nima qiladi?
Mabodo abituriyentlar oliygohlarga kira olmasa, o’tgan yildan boshlab oltinchi yo’nalishni tanlash imkoni ham beriladi. Bunda tanlagan beshta yo’nalishiga o’qishga tavsiya etilmagan yoki testga kirib, yo’nalish tanlash esidan chiqqan abituriyentlar fanlar majmuasi to’g’ri keladigan va bali yetadigan oltinchi yo’nalishni ham tanlashi mumkin bo’ladi.
Shuningdek, o’qishga kira olmagan abituriyentlar testda to‘plagan bali bilan kollej va (yoki) texnikumni tanlashi mumkin. O‘qishga kira olmaganlar uchun kollej yoki texnikum tanlashga OTMlarga qabulning yakuniy natijasi (mandat) e’lon qilinganidan so‘ng yana 10 kun muddat beriladi.